Barcha maqsadlarga sifatli taʼlim va tarbiya orqali erishamiz


515     10.09.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilangani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liqligidan kelib chiqib, yurtimizda bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Chunki Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Yaxshi yashashimiz uchun iqtisodiyotimiz kuchli bo‘lishi kerak, yangi texnologiyalar, yangi tovarlar ishlab chiqarishimiz kerak. Ushbu natijalarga sifatli taʼlim va tarbiya orqali erishamiz”.

Videoselektor yig‘ilishida sohadagi islohotlarni davom ettirib, taʼlimning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligi taʼkidlandi va bu borada muhim qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, 12 yillik umumiy taʼlim tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Maktablarda sunʼiy intellekt fanini kiritish, uzoqqa qatnovchi o‘quvchilar muammosini hal qilish va darslarni raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Maktabgacha taʼlimda tarbiyachilar uchun “1+5” modeli va “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etilishi belgilandi. Kasbiy taʼlimni mehnat bozori bilan bog‘lash, texnikumlarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Oliy taʼlim va taʼlim agentliklari rahbariyatida kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar taʼlim siyosatida yangi bosqichni boshlab beradi: aniq indikatorlarga asoslangan boshqaruv, raqamlashtirish, sifatli kadr tayyorlash va xalqaro standartlarga integratsiya. Bu qarorlarning izchil ijro etilishi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

 

Dilshod Mirzaahmedov,
partiyaning Jizzax viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati