O‘zbekiston globallashayotgan dunyoga andoza bo‘lishi mumkin!


613     11.09.2025

Amir Temurning uzugi va muhriga o‘yib yozdirilgan “Kuch – adolatda” iborasi qariyb yetti yuz yildirki, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, adolatga bo‘lgan qarashning oltin mezonini belgilab kelmoqda.

Ammo keyingi yillarda globallashayotgan dunyoning yirik davlatlari orasida “kuch adolatda emas, aksincha adolat kuchda” degan aks tamoyilga amal qilina boshlandiki, bu hatto inqirozli holatlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Sobiq ittifoq parchalanib ketganidan keyin ham ana shunday xatolar takrorlandi. G‘arb go‘yoki sovetlar ittifoqini qulatdik, endi g‘alaba bizniki, degan qarash bilan adolatni o‘z qoliplari bilan o‘lchay boshladi. Bunday yondashuv inson huquqlaridan tortib, investitsiyalarning siyosiylashuvigacha, iqtisodiy hamkorliklar matniga siyosiy shartlarning kiritilishidan tortib, turli millat va elatlar uchun adolatsiz cheklovlar o‘rnatilishigacha qo‘llanildi. Natijada dunyoda parokandalik nuqtalari ko‘paydi. Rossiya va Ukraina inqirozi ham bunga misol bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bu mojaro G‘arb qo‘llagan tamoyilning achchiq mevasiga aylandi. Aytish mumkinki, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan qo‘llagan siyosati va harbiy harakatlari aslida Yevropa amal qilib kelgan “Kuchlimanmi, demak adolatliman” tamoyilining takrori, qaytarilishi bo‘ldi, xolos.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda G‘arb o‘z xatosini go‘yoki anglab yetkandek, har ikki davlatni muzokaralar maydoniga o‘tkazishga urinyapti. Ammo bu jarayonda ham ilgari surilayotgan aksariyat taklif va tashabbuslar zamirida “kuchli har qanday sharoitda ham g‘olib bo‘lishi kerak” degan eski va chirik g‘oya mavjudligini ko‘rish mumkin. Bu esa yana ijtimoiy adolatsizlik va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Davlatlararo munosabatlarda bunday yondashuv, eng avvalo, o‘zaro ishonchning yo‘qolishiga, iqtisodiy manfaatlar faqatgina kuchli davlatlarga tegishli, qolganlar esa ana shu davlatlarning ta’siri doirasida bo‘lishi lozim, degan  qarashlarni yuzaga keltiryapti. G‘arbning kalta o‘ylangan bunday xulosalari hatto Markaziy Osiyo hamda Xitoy orasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida ta’sis etilgan ShHTning global kuchga aylanishiga olib keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Garchi ushbu tashkilotning maqsadi iqtisodiy hamkorlikka qaratilgan bo‘lsada, so‘nggi voqealar uni ham o‘z kuch va salohiyatini ochiq-oydin namoyish qilishgacha undadi. Ya’ni, ShHT G‘arbning xatti-harkatlariga javoban o‘z kuchini ko‘rsata oladigan global maydonga aylandi. Ayrim manbalarda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Eron kabi yirik davlatlarning bir vaqtda, bir tashkilotda bo‘lishi hamda ularning o‘zaro bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari G‘arbning Ukraina, G‘azo va Yaqin Sharqdagi adolatsizligiga javob, degan fikrlar bildirilmoqda. Ya’ni, ko‘pchilik tahlilchilar adolat mezoni avval G‘arb tomonidan buzildi va bunga javoban janub davlatlari o‘z pozitsiya larini ShHTda ko‘rsatdilar, degan fikrdalar.

Biz buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning “Kuch – adolatda” shiorini bejiz eslamadik. Bugun aynan Yangi O‘zbekiston ana shu shiorga qat’iy amal qilmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda adolat tamoyillarini yaqqol namoyish etayotir. Sir emaski, Markaziy Osiyo davlatlari yaqin-yaqingacha ham nizoli holatda edilar. Yangi O‘zbekiston islohotlari esa hududda do‘stona hamkorlik muhitini paydo qildi.

Xo‘sh, bu qanday yuz berdi? Bu, eng avvalo, o‘zaro manfaatlarni tan olish, bir-birlariga yordam ko‘rsatish, tushunish va muammoli masalalarni muzokaralar orqaligina hal qilish bilan amalga oshmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ilgari surilayotgan ichki va tashqi siyosat shu ma’noda ham ijobiy natija berdi va biz uzoq yillar davomida begonalashish darajasiga borib qolgan qo‘shnilar bilan tinch va do‘stona aloqalarni qayta tiklay oldik.

Hatto o‘ta og‘ir va yechimi yo‘qdek tuyulgan yer, chegara muammolari tili, tarixi, madaniyatiyu, urf-odatlarigacha bir-biriga yaqin bo‘lgan qardosh xalqlarning yetakchilari tomonidan muzokaralar stolida, qaysidir o‘rinlarda esa hatto yon berishlar orqali hal etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun Markaziy Osiyo mintaqasi tinchlik, huzur-halovat va o‘zaro hamkorlik hududiga aylandi. Aynan zamonaviy dunyoda shunday xislatning, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik siyosatning yetishmasligi tufayli ham dunyo ikki global qutbga – G‘arb va Janubga bo‘lindi va ular o‘rtasida raqobat yuzaga keldi. Bugun ushbu holat sovuq urush davridagidek qurollar  bilan tahdid qilish darajasiga ham yetib keldi.

Xo‘sh, ShHTning shiori o‘zaro hamkorlik va do‘stona muhitda rivojlanish ekan, nega o‘tayotgan haftada Xitoy xalqi harbiy parad o‘tkazib, o‘z kuch va qudratini namoyish qildi? Nima sababli eng og‘ir va zamonaviy qurollariyu, harbiy salohiyatini dunyoga ko‘rsatdi?

To‘g‘ri, bu aslida g‘alaba paradi edi. Ammo “kosa tagida nimkosa” deganlaridek, ushbu “parad” G‘arbga nisbatan jiddiy ishora ham bo‘ldi, deyishga yetarlicha asoslar bor.

Zero, ushbu parad Ukraina va G‘azoda olib borilayotgan “Kuchlimanmi, hamma narsa men xohlagandek bo‘ladi”, degan Trans-Atlantika koalitsiyasining adolatsiz siyosatchilariga qaratilgan o‘ziga xos “signal” ham edi. Ya’ni, ShHTning bu qadar keskinlashishi va o‘z shiori mohiyatidan chetga chiqishi adolatsiz kuchga tayangan adolatsiz siyosatga javoban shakllangan achchiq meva sifatida baholanayotgani bejiz emas. O‘zbekiston esa Prezidentimizning ShHT sammitidagi so‘zlagan nutqida alohida ta’kidlanganidek, tinchlik, o‘zaro hamkorlikda rivojlanish tarafdori va doimo shu shiorga sodiq qoladi.

Xalqaro miqyosda ham e’tirof etilganidek, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvor o‘rin egallagani ham bu siyosatning tinchlik va o‘zaro hamkorlik muhitini yanada rivojlantirishga qaratilganini anglatadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, yirik davlat rahbarlari O‘zbekistonning mana shunday oqilona yondashuvidan o‘rnak olsalar, dunyoda tezroq tinchlik o‘rnatilgan bo‘lardi. Ya’ni, millionlab fuqarolar sarsonu, sargardorlikka yuzlanmas, minglab bolalaru, ayollar qurbon bo‘lmas, qanchadan qancha maktabu, kutubxonalar vayron qilinmas, ya’ni tarix yo‘qlikka mahkum qilinmagan bo‘lardi.

Yana bir gap: ShHTga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlar, masalan, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskin bo‘lsada, ular ShHT huzurida bir stol atrofida o‘tira oldilar. Bu ham kimlargadir namuna bo‘lishga arzirli voqeadir. Zero, ShHTning bu safargi sammitini dunyoda yo‘qolib borayotgan adolat tuyg‘usini qaytarish uchun  eshik taqillatish, deb ham qabul qilish kerak.

Aslida sammitning tarixiy ahamiyati ham shu edi. Yildan yilga nufuzi ortib borayotgan ushbu tashkilot ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning tinchlikparvar tashqi siyosatini andoza sifatida olgan holda butun dunyoga Amir Temurning “Kuch – adolatda” shiorini yana bir karra eslatishiga uringandek bo‘ldi.

 

Alisher QODIROV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi