Inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotining asosi


496     11.09.2025

Maʼlumki, ota-bobolarimiz azaldan bebaho boylik bo‘lmish ilmu maʼrifat, taʼlim va tarbiyani inson kamoloti, jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sharti hamda garovi deb bilgan. Chunki xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugungi olayotgan taʼlim va tarbiyasiga bevosita bog‘liq. Kelajak avlodni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan komil insonlar etib voyaga yetkazish esa taʼlim va tarbiya sohasining asosiy maqsadi hamda ustuvor vazifasidir.

Shu bois, 9-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ham ayni masalalarga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liqligi alohida taʼkidlanib, bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi, taʼlimning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz bu yil maktabgacha taʼlimda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgani, ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri kelishi, qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni taʼmirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etilishini bildirdi.

Buning uchun maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqarilishi, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqilishi, bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinishi belgilandi.

Yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerakligi taʼkidlanib, yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr taʼlim shakli joriy qilinishi, bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming nafar oliy maʼlumotli mutaxassis kirib kelishi aytib o‘tildi.

Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadigan bo‘ldi. Bundan tashqari yig‘ilishda maktab taʼlimidagi sharoitlarni yaxshilash, yoshlar tarbiyasi va bandligi, yoshlarimizni kasb-hunarli qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilib, qator tashabbuslar ilgari surildi.

Bir so‘z bilan aytganda, maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasini yana-da rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tarbiyasi va bandligini taʼminlash bo‘yicha yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar taʼlim-tarbiyani ustuvor bilgan partiya vakili, deputat sifatida nihoyatda mamnun etdi. Chunki bularning barchasi yosh avlodning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Akbar Axtamov,
partiyaning Samarqand viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati