507 11.09.2025
Joriy yilning 31-avgust — 3-sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi va “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda hamda XXR Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan muzokaralarida ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisidagi nutqida mazkur Sammit global noaniqlik sharoitida, ya’ni ishonch tizimli ravishda susayib, mojarolar kengayib, ko‘p tomonlama institutlar zaiflashib, jahon savdo tizimi parchalanib borayotgan bir sharoitda o‘tayotganini alohida qayd etdi. Bunday sharoitda ShHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu nafaqat qimmatli boylik, balki ushbu bepoyon mintaqada tinchlikni saqlashning kaliti ekanligini alohida ta’kidladi.
ShHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida davlatimiz rahbari bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ShHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini inobatga olib, Prezidentimiz transchegaraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish kabi muhim takliflarni ilgari surdi.
Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik masalalariga qanchalik ahamiyat qaratishidan dalolatdir. Chunki, terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar, uyushgan jinoyatchilik kabi tahdidlarning kuchayayotgani barchada katta xavotir uyg‘otmoqda.
Shu o‘rinda, Prezidentimiz “ShHT plyus” formatining uchrashuvida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz ishga tushirish taklifini ilgari surdi.
Ushbu taklif hozirda jahondagi dolzarb muammolarni, xavfsizlikka mavjud bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Ma’lumki, terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarayati. Eng asosiysi kiberjinoyatchilik kabi jinoyatchilikning yangi turlari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda paydo bo‘lmoqda.
Axborot texnologiyalari, turli sun’iy intellektga asoslangan dasturlar rivojlanishi bilan bir qatorda, kiberjinoyatlar salmog‘i ham karrasiga oshib bormoqda. Masalan, tahlillarga ko‘ra, jahonda bir yilda 500 milliondan ortiq kiber hujumlar sodir etiladi va har soatda yuzlab insonlar ushbu hujumlarning qurboniga aylanishadi.
Birgina mamlakatimizda o‘tgan yili sodir etilgan bunday jinoyatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, firibgarliklarning 36 foizi, o‘g‘rilikning 62 foizi aynan axborot texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilganligini ko‘rishimiz mumkin. ShHTga a’zo davlatlarda ham xuddi shunday ahvol.
Mazkur Markaz a’zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizm, separatizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik hamda kiber tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorligini o‘zaro muvofiqlashtirish vazifasini amalga oshirishi o‘ta muhimdir. Ushbu islohot bilan amaldagi tuzilma faoliyat doirasi kengaymoqda, a’zo davlatlarning tegishli organlar hamkorligini muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘lmoqda.
Markaz qo‘shma tezkor tadbirlar va o‘quvlar o‘tkazish, shaxslarni qidirish, axborot almashinish, ma’lumotlar bazasini hamda telekommunikatsiya tizimlarini shakllantirish, kadrlar tayyorlash, shuningdek tematik konferensiya va seminarlar tashkil etish orqali a’zo davlatlarga xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ko‘maklashishi shubhasiz.
Shunday ekan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus nafaqat mintaqa hududida balki jahon miqiyosda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda yangi bosqichni belgilab berdi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati