Millat kelajagi uchun eng muhim masala


526     11.09.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi taʼlim va tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar naqadar dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar yurtimizning ertangi kuni, farzandlarimiz kelajagi uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari taʼlimni faqat o‘quv jarayoni sifatida emas, balki tarbiya bilan uyg‘un holda ko‘rib chiqish lozimligini taʼkidladi. Darhaqiqat, bilimli avlodsiz kuchli iqtisodiyot bo‘lmaydi, tarbiyasiz bilim esa samarasini bermaydi. Shuningdek, oxirgi yillarda maktabgacha taʼlim muassasalari soni ko‘paygani, yangi o‘rinlar yaratilgani qayd etildi. Biroq asosiy masala – tarbiyachilar va pedagoglarning malakasini oshirishdir. Shu bois, yangi taʼlim shakllari orqali yiliga 10 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlash zarurligi belgilandi.

Maktab taʼlimida esa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, informatika va sunʼiy intellektni o‘qitish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Prezidentimizning yuqori sinflarda sunʼiy intellekt darslarini yo‘lga qo‘yish haqidagi topshirig‘i yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlashda muhim qadam bo‘ladi. Shuningdek, maktabdan tashqari taʼlim va sportni rivojlantirish, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari ham kun tartibiga qo‘yildi.

Bu borada “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham o‘z dasturida aniq maqsadlarni belgilagan. Partiyamiz doimo “Tarbiya – yo hayot, yo mamot masalasi” ekanini ilgari surib kelmoqda. Shuningdek, “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi” tashabbusi, milliy sport turlarini qayta tiklash, xalq o‘yinlarini taʼlim jarayoniga kiritish kabi takliflar davlat siyosatini boyitib, umumiy maqsad sari yo‘naltirilmoqda.

Albatta, islohotlarning samarasi ularni joylarda qanday amalga oshirilishiga bog‘liq. Qonunchilik palatasi deputati sifatida taʼlim muassasalarida shaffoflik, adolat va sifatni taʼminlashni eng muhim vazifa deb bilaman. Bu borada pedagoglarning mehnatini qadrlash, ularga munosib sharoit yaratish va rag‘batlantirish doimiy eʼtiborda bo‘lishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz rahbarligida belgilangan vazifalar va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ilgari surayotgan tashabbuslar yagona maqsadga xizmat qiladi: bu – bilimli, maʼnaviyatli, vatanparvar va zamonaviy kasb egasi bo‘lgan avlodni tarbiyalashdir. Bugungi islohotlar ertangi O‘zbekiston qiyofasini belgilaydi. Shu bois, har birimiz ushbu jarayonda masʼuliyat bilan yondashib, farzandlarimiz kelajagi uchun bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etishimiz lozim.

Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zosi