648 12.09.2025
Bugunga kelib dunyo xaritasidagi o‘zgarishlar manfaatlar nuqtasiga shu qadar bog‘landiki, bu insoniyatga uzoq muddatli rejalar qilishga ham imkon bermay qo‘ydi. Ana shunday bir sharoitda yer yuzida notinch hududlar, urush o‘choqlari sonining yildan-yilga ortib borayotgani, millionlab qochoqlar va mehnat migrantlari sifatida ro‘yxatdan o‘tayotgan fuqarolarning ko‘payayotgani hamda bevatanlik, nochor hayot tarzining barqarorlashib borayotgani ayollar va bolalar o‘limi statistikasiga ham ta’sir etyapti. Bunday holatlar globallashayotgan dunyoning ertasiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda.
Ammo shunga qaramay, keyingi paytlarda turli millat va elatlar manfaatini birdek himoya qilayotgan, ularning tili, dini, tarixi va turmush tarzini, bir so‘z bilan aytganda, milliy qadriyatlarini qadrlayotgan sanoqli davlatlardan rivojlangan mamlakatlar ham o‘rnak ola boshlaganini ta’kidlash joiz. Ayni paytda dunyo tahlilchilari Yangi O‘zbekistonni ana shunday davlatlardan biri sifatida e’tirof etmoqdalar.
Bunday e’tiroflar shubhasiz, 2016-yilda boshlangan Yangi O‘zbekiston islohotlari bilan bog‘liq. Millatimiz yetakchisining siyosiy irodasi tufayli ham O‘zbekiston uzoq yillar mobaynida yurt nomini qora qilib kelgan bolalar mehnatidan voz kecha oldi, xususiy sektorga eminerkinlik berildi, qisqa fursatda tadbirkorlar oyog‘iga kishandek yopishgan konvertatsiya masalasi ijobiy hal etildi, eng asosiysi, so‘z va matbuot erkinligi amalda ta’minlandiki, bu o‘z-o‘zidan Yangi O‘zbekiston islohotlarining ortga qaytmasligi haqidagi da’vatlarning mustahkam asosga ega ekanini isbotladi.
Kuni kecha OAVlari AQSH Prezidentining O‘zbekistonga kelishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqatayotganini ko‘rib, eshitib ana shu fikrlar xayolimdan o‘tdi. O‘zbekiston chindan ham qisqa bir davrda dunyoning yirik davlatlari bilan tengma-teng aloqalarini yo‘lga qo‘ya olgan, o‘ta muhim masalalarda ko‘pchilik manfaatiga xizmat qiladigan taklif va tashabbuslari bilan eng oliy anjumanlarda ham e’tibor qozonayotgan davlatlardan biriga aylandi. To‘g‘ri, kimlardir AQSH Prezidentining O‘zbekistonga tashrifini Pekinda o‘tgan va dunyo ahlining juda katta e’tiborini qozongan tadbirlardan keyin paydo bo‘lgan reja sifatida ham talqin qilmoqdalar.
Hatto bunda ayrim sharhlovchilar Zbignev Bjezinskiyning “Buyuk shaxmat taxtasi” asari va unda Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonga juda jiddiy e’tibor qaratish lozimligi haqidagi fikrlarni ham eslay boshlashdi.
Tan olish kerak: Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Pekinda o‘tgan navbatdagi sammitida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga juda katta e’tibor va hurmat ko‘rsatildiki, bu yana bir bor bugungi geosiyosiy o‘zgarishlar paytida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning faol ishtiroki muhim ekaniga ishora bo‘ldi. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, Rossiya va Xitoy kabi Vashington uchun ham Markaziy Osiyo har doim muhim hudud sanalgan va shunday bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda Rossiya va Xitoy o‘z manfaatlarini Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog‘layotgani ham AQSHning ushbu hududga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirishi tabiiy, albatta.
Ammo yirik davlatlarning Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga bu qadar e’tiborining asosiy sababi Markaziy Osiyo mamlakatlarining so‘nggi yillarda erishayotgan natijalaridir. Bu Milliy iqtisodiyotlardagi o‘sish va o‘zgarishlar bilan ham chambarchas bog‘liq. Shuningdek, turli millat va elatlar o‘rtasida uzoq yillar hukm surgan o‘gay munosabatlar o‘rnini juda qisqa muddatda do‘stona munosabatlar egallagani ham ko‘pchilik e’tiborini Markaziy Osiyoga qaratmoqda. Bundan tashqari, Yangi O‘zbekiston rahbarining chuqur o‘ylangan sa’y-harakatlari, ta’bir joiz bo‘lsa, siyosiy irodasi va tashqi siyosatda yon qo‘shnilarga, xususan, Afg‘onistonga juda katta e’tibori xalqaro sharhlovchilar nigohidan ham chetda qolmayapti.
Shu ma’noda aynan o‘zaro birdamlik, barqaror rivojlanish va siyosiy jihatdan yaqinlik siyosati global dunyoning tarqoqlashayotgan davlatlari e’tiborini Markaziy Osiyoga qaratmoqda, desak xato bo‘lmaydi. Bu esa geosiyosiy o‘zgarishlar paytida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston va uning manfaatlari bilan hisoblashmaslik mumkin emas, degan qarashni shakllantirmoqdaki, bu shubhasiz, Yangi O‘zbekiston tanlagan yo‘lning to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda.
Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati