991 12.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi va yangi bosqichga chiqayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Zero, mamlakat kelajagi, iqtisodiy taraqqiyoti va jamiyatning intellektual salohiyati bevosita bilimli, yetuk avlodni shakllantirishga bog‘liq.
Bu borada avvalo maktabgacha taʼlimga qaratilgan eʼtibor tahsinga loyiq. 182 ming yangi o‘rin yaratilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurilishi, tarbiyachilar malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar – bu nafaqat qamrovni kengaytirish, balki sifatni tubdan yaxshilashga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, “5 kun ishlash – 1 kun o‘qish” tamoyili asosida oliy maʼlumotli mutaxassislar safini kengaytirish g‘oyasi dolzarb va samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.
Maktab taʼlimi yo‘nalishida esa sharoitlarni yaxshilash, iqtidorli o‘quvchilar uchun maxsus maktablar tashkil etish, olis hududlardagi bolalar uchun transport xizmatini tashkil qilish kabi tashabbuslar katta ijtimoiy adolatni taʼminlaydi. Informatika, sunʼiy intellekt, muhandislik, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablarni ko‘paytirish, xalqaro olimpiadalarni yurtimizda o‘tkazish – O‘zbekistonning global taʼlim makonidagi obro‘sini oshiradi.
Kasb-hunar taʼlimini isloh qilish ham eng muhim vazifalardan. Texnikumlarda xalqaro standartlar asosida taʼlim berish, investor buyurtmasiga ko‘ra kadrlar tayyorlash, dual taʼlimni kengaytirish – yoshlarni bozorga mos, talabgir mutaxassis etib tarbiyalashda muhim qadamdir. Bu esa bandlik masalasini hal qilish, yoshlarni mustaqil hayotga puxta tayyorlash imkonini beradi.
Umuman, yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar taʼlim tizimida izchil va samarali islohotlarni davom ettirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu ishlarning barchasi yoshlarimizning baxtli kelajagini taʼminlash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq, bilimli, kasb-hunarli qilib voyaga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Alisher Aripov,
partiya Markaziy kengashi bo‘limi boshlig‘i