“Kuchli kengash – hisobdor va tashabbuskor hokim”


698     12.09.2025

Maʼlumki, vakillik organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qonun ijodkorligi, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, mansabdor shaxslar faoliyatida qonun ustuvorligi va ularning sifatli ijrosini nazorat qilish hamda OAV orqali ochiq muloqotni taʼminlashdan iborat. Shuningdek, mahalliy masalalarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning ishtirokini rag‘batlantirish vazifalarini ham bajaradi. “Kuchli kengash – hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili bu organlar faoliyatining konseptual poydevori bo‘lib, u mahalliy hokimiyatning tashabbuskorligini oshirish va hisobdorlikni taʼminlashga qaratilgan.

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar global tendensiyalarga muvofiq bo‘lib, so‘nggi yillarda qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar orqali parlament va mahalliy kengashlar vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Masalan, Konstitutsiyada vakillik organlarining masʼuliyati va ochiqlik prinsiplarini joriy etish, qonunchilik tashabbusi, parlament tekshiruvi, muhim lavozimlarga nomzodlarni tasdiqlash va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalari kengaytirilishi orqali O‘zbekistonda demokratik islohotlarning yangi bosqichiga zamin yaratildi.

Yana bir muhim hujjat “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi” orqali 2030-yilga qadar bo‘lgan strategik rejalar belgilanib, mahalliy Kengashlarning hududiy rivojlanishdagi rolini mustahkamlash, raqamli platformalar (“E-kengash”)ni joriy etish va jamoatchilik ishtirokining mexanizmlarini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, deputatlarning so‘rov va murojaatlar bilan ishlash tartibi takomillashtirilganligi tegishli masʼul organlar faoliyati samaradorligining oshishiga xizmat qiladi. Mazkur o‘zgarishlar natijasida vakillik organlari timsolida fuqarolarning davlat ishlaridagi faolligi kuchayib bormoqda.

Bu islohotlar vakillik organlari faoliyatiga bo‘lgan ishonchni oshirdi, ammo shu bilan birga masʼuliyat va talablarni ham kuchaytirdi. Deputatlar endilikda nafaqat saylovchilar manfaatlarini himoya qilish, balki yuqori malaka, hisobdorlik va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi zamon talabiga aylanmoqda. Masalan, raqamlashtirish jarayonlari deputatlar faoliyatida ochiqlikni taʼminlash bilan birga ulardan siyosiy va huquqiy jihatdan yetuklikni talab ham etadi. Global o‘zgarishlar sharoitida bunday talablarning ortishi institutsional rivojlanishning tabiiy oqibati bo‘lib, faqat masʼuliyatli va tashabbuskor vakillar orqali davlat barqarorlikka erisha oladi.

Vakillik organlari oldiga bugungi davr qo‘yayotgan talablar zaruratidan kelib chiqib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan 2025-yil 20–21-avgust kunlari “Xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishda vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishning ustuvor vazifalari” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Ushbu tadbir partiyaning parlamentdagi fraksiyasi aʼzolari va mahalliy Kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar (partiya guruhlari) bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda Markaziy kengash aʼzolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi fraksiyasi aʼzolari, Senatning hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi ekspertlari, progressiv islohotlar va demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazlari mutaxassislari hamda yuridik soha vakillari ishtirok etdi.

O‘quv-seminarda qonun ijodkorligida deputatlar roli, murojaatlar bilan ishlash, aholi bilan muloqotni kuchaytirish, faoliyatda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari, ommaviy axborot vositalari orqali hamkorlik, mahalliy kengashlar va partiya tuzilmalari o‘rtasida muvofiqlik, deputatlar faoliyatini baholash mezonlari hamda mazkur yo‘nalishda xorijiy mamlakatlar tajribasi kabi masalalar muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar faoliyatini baholash mezonlari asosida ishlab chiqilgan reyting tizimi loyihasi taqdimotida ushbu tizimni samarali tashkil etish mexanizmlari bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar “Kuchli kengash – hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili, deputatlik va jamoatchilik nazoratining o‘ziga xos jihatlari, fuqarolar ishtirokini kengaytirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar. Zamonaviy axborot texnologiyalari, maʼlumotlar bilan ishlash ko‘nikmalari va “E-kengash” platformasining imkoniyatlari taqdim etildi. Yangi Konstitutsiya va Konsepsiyadagi qonunchilik tashabbuslari alohida tahlil qilindi.

Tadbir doirasida hududiy tajribalar asosida guruhlarda interaktiv amaliyot o‘tkazildi, unda vakillik organlari faoliyatini yana-da samarali tashkil etish yuzasidan takliflar  ishlab chiqildi.

Albatta, bu kabi o‘quv-seminarlarning muntazam tashkil etilishi Qonunchilik palatasidagi fraksiya aʼzolari, partiya hududiy tashkilotlari hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining tizimli muvofiqlashuvini taʼminlash orqali xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

Abu Muslim Usmanov,
Partiya Markaziy kengashi bo'lim boshlig'i