Partiyamiz g‘oyalariga hamohang vazifalar


639     12.09.2025

Bugungi globallashuv davrida bilimdon, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq va maʼnaviyatli yoshlarni voyaga yetkazish nafaqat taʼlim tizimining, balki butun jamiyatning ustuvor vazifasidir. Shu boisdan ham Prezidentimizning tashabbuslari – maktabgacha taʼlim muassasalari sonini ko‘paytirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy talablarga moslashtirish, sunʼiy intellekt va yangi texnologiyalarni o‘rgatishga keng yo‘l ochish bu kelajagimiz uchun muhim poydevordir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentyabr kuni taʼlim-tarbiya masalalarida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham taʼlim berish jarayonini tarbiya bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni nafaqat bilimli, balki maʼnaviy barkamol qilib tarbiyalash eng asosiy vazifa sifatida belgiladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham o‘z dasturida taʼlim va tarbiyani eng dolzarb masalasi sifatida belgilab keladi. Partiyamiz yosh avlod qalbiga milliy g‘urur, vatanparvarlik, qadriyatlarimizga sadoqat ruhini singdirish tarafdori. Chunki faqat bilimli emas, balki maʼnaviyati yuksak, keng tafakkurli va masʼuliyatli avlodgina millatni buyuk kelajakka yetaklay oladi.

Darhaqiqat, videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan aksariyat vazifalar partiyamiz dasturi va g‘oyalari bilan hamohang bo‘lib, yoshlar taʼlimi va tarbiyasini yanada yuksak bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, partiya faollari va xalq noiblari ham yurt taqdiri, farzandlar kelajagi uchun soha xodimlari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari qatorida birdek masʼuldir.

 

Rajabboy HASANOV,
partiyaning Buxoro viloyati Kengashi raisi