O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv


781     12.09.2025

Partiya Markaziy kengashida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Saylov departamenti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova mehmonlarni “Milliy tiklanish”ning saylovlardan keyingi faoliyati bilan tanishtirib, partiya konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biri sifatida mamlakat siyosiy maydonida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasi asosida faol harakat qilayotganini taʼkidladi.

– Partiya jamiyatning siyosiy katalizatori ekanidan kelib chiqib, partiyamiz qoshida ilk bor “Aql markazi” tashkil etildi. Markaz deputatlar faoliyatini baholash bo‘yicha reyting indikatorlari ishlab chiqish yuzasidan ilk tadqiqot olib borilmoqda. Maqsad – deputatlik korpusi faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish hamda davlat va xalq o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lish, – dedi F.Muhammedjanova.

YEXHTning Saylov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Ulvi Axundlu berilgan maʼlumotlar uchun minatdorlik bildirib, “Milliy tiklanish” o‘z maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, ko‘plab amaliy tashabbuslar bilan chiqayotgani eʼtirofga loyiqligini va bu partiyaning jamiyat hayotidagi bevosita ishtiroki va taʼsiridan dalolat ekanini taʼkidladi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan bir qator masalalarda ham fikr almashdilar.