633 12.09.2025
Partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan “Mutolaa” loyihasi hamkorligida kitobxonlik mavzusida davra suhbati o‘tkazildi va unda yoshlarni mutolaaga keng jalb qilish, bu borada raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirda maʼnaviy-maʼrifiy loyiha – “Mutolaa” haqida maʼlumotlar berildi.
Yoshlar ishlar agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mutolaa” loyihasi O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy tashabbuslardan biri hisoblanadi. Kuzatuvchilar telefoniga “Mutolaa” ilovasini yuklab olish orqali 3000 dan ortiq milliy va jahon adabiyoti durdonalaridan namunalar o‘qib, tinglashi mumkin. Maʼlumotlarga ko‘ra, bir yil davomida Andijon, Toshkent va Jizzax viloyati yoshlari “Mutolaa”dan eng ko‘p foydalangan. Loyihadan foydalanayotganlar soni bugun 1,5 millionga yetgan.
Tadbir davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi. Yoshlar bilimini sinash maqsadida interaktiv o‘yin va kitob marafoni tashkil etildi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maʼlumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ham aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida “Har bir oilada kutubxona”, “Farzandingiz bilan kitob o‘qing”, maktabgacha taʼlim muassasalarida “Mening birinchi kutubxonam” loyihalari o‘tkazilib kelinmoqda. Shuningdek, taʼlim boshqa tilda olib boriladigan maktablarga o‘zbek tili va adabiyotlari taqdim etilib, Toshkent viloyati va poytaxtdagi 6 ta maktabda “Milliy tiklanish kitob javoni” tashkil etilgan.
Tadbir so‘ngida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va “Mutolaa” loyihasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.