Jajji Yasmin kitob targ‘ibotchisiga aylandi


641     16.09.2025

Mashhur xonanda Shirina partiyaning “Mening birinchi kutubxonam" loyihasining ambasadoriga, yaʼni elchisiga aylandi.  

Endi u farzandi Yasmina bilan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan eng sara bolalar adabiyotini targ‘ib etishda partiyaga ko‘maklashadi.

Xabaringiz bor, “Milliy tiklanish” ota-onalarning bolalari bilan birga kitob o‘qishlarini targ‘ib etishga qaratilgan “Mening birinchi kutubxonam” loyihasini tashabbus qilgan edi. Maxsus dizayndagi kitob javonlaridan bolalarga mo‘ljallangan 70 nomdagi adabiyotlar o‘rin olgan. Eʼtiborga molik jihati shundaki, kitoblar orasida Amazon platformasida reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha kitoblarni Yaponiya, Skandinaviya davlatlari va AQSHda eng ko‘p o‘qilgan o‘zbek bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning “Ajoyib kaktus”, “Tomchi qayerga ketdi?”, “Eng zo‘r chumoli”, “Tug‘ilgan kunimga sovg‘a” nomli kitoblari o‘rin olgan.

Loyiha “Yangi asr avlodi”, “Akademnashr”, “Zukko kitobxon”, “Asaxiy books”, “Invest-Book” kabi bir qator yirik nashriyotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi hamda partiya tomonidan ijodkor ziyolilar ishtirokida yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘qishi uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati shakllantirildi. Ayni kunda kitob javonlari maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yetkazilmoqda.

Xonanda Shirinaning ko‘ngilli ravishda mazkur loyihada ishtirok etishidan ko‘zlangan maqsad bolalarning murg‘ak yoshidan boshlab ota-onalari bilan birgalikda kitob o‘qishga chorlash hamda ular uchun chop etilayotgan adabiyotlar bilan nafaqat bolalarni, balki ota-onalarini ham yaqindan tanishtirish, har bir xonadonda oilaviy kutubxonalar tashkil etish g‘oyasini umummilliy harakatga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Shirina muxbirimiz bilan suhbatda bu haqida shunday dedi: Mazkur loyiha keng ommalashishiga va yosh ota-onalar orasida “trend”ga aylanishiga ishonaman. Zero, kitob o‘qishga qiziqish ortsa, ijodkorlik, nutq va dunyoqarash ham yuksaladi.

Bugun jamiyatimizda har bir ijodkor maʼnaviy qiymatni targ‘ib qiluvchi shaxsga aylanishi, bunday ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi lozim, deb o‘ylayman...

Endi Yasminning shaxsiy kutubxonasi bor. Uning ota-onasi bilan kitoblarni mutolaa qilishini quyidagi manzillarda birga kuzatamiz:

Yasminning kitoblar olamiga qiladigan sayohatini biz bilan birga kuzating!

Shirina va Yasminning oilaviy kitobxonlik lahzalarini quyidagi manzillarda kuzatishingiz mumkin:

Instagram: https://www.instagram.com/shirin.zaitova/

YouTube: http://www.youtube.com/@Yasmin_Little_Princess 

"Milliy tiklanish" sahifalari: https://taplink.cc/milliytiklanish 

“Mening birinchi kutubxonam” loyihasi – bu shunchaki kitoblar to‘plami emas, butun millatning maʼnaviy kelajagiga sarmoyadir.