Yuksak e’tirof va yangi imkoniyatlar


865     17.09.2025

Har bir yuksak taraqqiyot yo‘lini tanlagan davlat, eng avvalo, ta’limni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan. Bugun biz Yangi O‘zbekiston sari dadil intilar ekanmiz, bu yo‘lda eng kuchli tayanchimiz – bu ustozlar, murabbiylar, ta’lim fidoyilaridir.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbir nafaqat samimiy tabriklar, balki strategik qarorlar, amaliy rejalarga boy tarixiy uchrashuv bo‘ldi. Unda ta’lim sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Fikrimizcha, bu tashabbuslarning har biri ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirayotgan kuchli, izchil va xalqparvar siyosat mahsulidir. Bugungi kunda maktabgacha ta’limdan tortib, texnikumlar va oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar aynan inson kapitaliga yondashuvda sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Ustozga e’tibor berilayotgan jamiyatda – farzandlar orzulari ro‘yob topadi, mahallalarda totuvlik mustahkamlanadi, milliy birlik kuchayadi.

Ilgari surilgan har bir tashabbus zamirida – hayotiy haqiqatlar, joylardagi muammolar tahlili va eng muhimi, odamlarning orzu-intilishlariga bo‘lgan hurmat mujassam. Misol uchun, pedagoglar farzandlari uchun oliy ta’lim kontrakt to‘loviga 30 foizlik chegirma, kamida 15 yillik mehnat stajiga ega ustozlarga ipoteka boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplab berilishi nafaqat moddiy rag‘bat, balki ustoz degan muqaddas nomga ko‘rsatilayotgan chuqur hurmat hamdir.

Maktab ta’limining yangi konsepsiyasi doirasida 9- va 11-sinflarda yagona davlat imtihonlarining joriy qilinishi ayni muddoadir. Bu, mening fikrimcha, o‘quvchi – ota-ona – ustoz uchligini yaqinlashtiradigan, ularning harakatini yagona maqsadga yo‘naltiradigan muhim bosqichdir.

Texnikumlar tizimida xalqaro standartlar asosidagi dual ta’lim, investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga kirishgan texnikumlar uchun ustaxona va jihozlar ajratilishi, xalqaro sertifikat asosida o‘qituvchilarga ustama to‘lanishi – bu sohani nafaqat o‘qituvchining, balki butun jamiyatning e’tibor markaziga olib chiqmoqda. Texnikumlar – bu kelajak mehnat bozorining lokomotivi. Ana shu tizimda ustozlik qilayotgan pedagoglarga shunday rag‘batlar berilishi esa ularning mavqeini ko‘zga ko‘rinarli darajada oshiradi.

Oliy ta’lim borasida esa, dunyoning yetakchi universitetlari bilan qo‘shma dasturlar, TOP-100 va TOP-300 talik oliygohlar bilan hamkorlikda filiallar ochilishi, ilg‘or yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim tizimi yaratilishi, ilmiy faoliyatga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish mexanizmlari – bularning barchasi kelajakni ilm orqali qurishga tayyorgarlikning uzviy qismlaridir.

Yig‘ilishda bildirilgan “Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurayapmiz” degan so‘zlar – shunchaki shior emas. Bu – har bir pedagog, har bir ta’lim muassasasi zimmasiga qo‘yilgan mas’uliyatdir. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida biz har bir ustozga tayanyapmiz. Demak, ustozga e’tibor – bu kelajak poydevorining mustahkamligidir.

Umuman olganda, bu tashabbuslar – ta’lim sohasining keng ko‘lamli strategik islohoti bo‘lib, uning samaralari bugun hayotda o‘z aksini topmoqda. Deputat sifatida biz bu ezgu tashabbuslarning joylarda to‘liq va sifatli amalga oshirilishini nazorat qilishimiz lozim bo‘ladi. Zotan, Yangi O‘zbekiston – bu bilimli, tarbiyali, maqsadli yoshlar jamiyati. Bunday jamiyat esa, faqatgina kuchli ta’lim tizimi, yuksak saviyali ustozlar bilan bunyod etiladi.

 

Maxsud MUXAMMЕDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi