Kitoblar karvoni Qoraqalpog‘iston va Xorazmga yo‘l oldi


517     18.09.2025

Xabaringiz bor, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida “Mening birinchi kutubxonam” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Maqsad: mamlakatimizda milliy kontentni rivojlantirishda bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratish, oilaviy mutolaa anʼanasini tiklash va ommalashtirish, bolalarni kichik yoshidan mutolaaga qiziqtirish orqali ularning dunyoqarashi, maʼnaviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, nutqini, fikrlash, tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishdan iborat. Mazkur aksiya doirasida yurtimizdagi bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bosqichma-bosqich kitob javonlari hamda yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar taqdim etilmoqda.

“Mening birinchi kutubxonam” loyihasining navbatdagi manzili Bektemir tumanidagi “Orzu” nomli 577-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bo‘ldi.

Avvalgi tadbirdan farqli o‘laroq, mazkur kitobxonlik aksiyasi “Yangi asr avlodi”, “Zukko kitobxon”, “Invest-Book”  kabi yirik nashriyotlar tomonidan bog‘chada tashkil qilingan kitoblar ko'rgazmasi bilan boshlandi. Farzandlari va nabiralari bilan kelganlar bu kabi kitoblar ko'rgazmasi muntazam o‘tkazib turilishiga oid takliflar bildirishdi.  

Bolalar adabiyoti bo‘yicha milliy va xalqaro tanlovlar g‘olibi, taniqli yozuvchi Gulnoz Tojiboyevaning “Epchil Zag‘izg‘on” kitobini o‘zi o‘qib berishi bolajonlar uchun qanchalik qiziqarli bo‘lsa, tarbiyachi va ota-onalar uchun maʼlum maʼnoda “Mahorat darsi” vazifasini o‘tadi.

“Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida taqdim etilayotgan kitob javonlari hamda 63 nomdagi bolalarga mo‘ljallangan eng sara adabiyotlardan iborat kitoblar karvoni Qoraqalpog‘iston va Xorazmga yo‘l oldi.