599 18.09.2025
O‘qituvchi va murabbiylar bugungi kunimizning chin maʼnodagi fidoyilari. O‘z hayotini yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishdek sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan soha xodimlarining mashaqqatli mehnati haqiqatan ham har qanday hurmatga, rag‘batga loyiq va munosib.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham buni alohida taʼkidlab, taʼlim fidoiylariga chuqur ehtiromini bildirdi. Sohani rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha tashkil etilgan muloqot avvalida davlatimiz rahbari bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan bir guruh tizim jonkuyarlariga davlat mukofotlarini topshirdi.
Yig‘ilishda taʼlimning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish, yoshlar va pedagoglar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar belgilab berildi. 2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bolalar bog‘chasi bo‘lmagani, qamrov 27 foizdan oshmagani, bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda eʼlon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar natijasida maktabgacha taʼlim kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligi aytib o‘tildi.
Taʼlimning eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi bo‘lgan maktab taʼlimi bo‘yicha ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Endi maktab davrida o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinishi, shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinishi belgilandi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olayotgani, endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda kasbiy taʼlim masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Soha uchun 2026-yil – yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishini taʼkidladi. Shu maqsadda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi. Agentlikning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi. Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy taʼlim dasturlari joriy qilinadi.
Endi texnikumlarda “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida har bir loyiha bo‘yicha dual taʼlim yo‘lga qo‘yiladi. Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalar barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, so‘nggi yillarda oliy taʼlim qamrovi ham jadal oshgani, oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetganiga alohida urg‘u qaratildi. Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni bildirdi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim-tarbiya tizimiga qaratilayotgan bunday eʼtibor, o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va rag‘bat tizimdagi ishlarning yangi bosqichda davom etishiga mustahkam zamin yaratadi.
Akbar Axtamov,
partiyaning Samarqand viloyat Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati