582 18.09.2025
Taʼlim-tarbiya — har qaysi davlat va jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi taqdirida ham hal qiluvchi rol o‘ynaydigan muhim va ustuvor masaladir. Shu bois yangi O‘zbekistonda taʼlim-tarbiya va ilm-fan ravnaqiga alohida eʼtibor qaratilib, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Yurtboshimiz tomonidan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tag zamirida yuksak maʼnaviyatli, mustahkam iroda va mustaqil fikrga ega, qolaversa, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan kadrlarni tayyorlash strategik maqsad qilingan.
O‘tgan sakkiz yil ichida mamlakatimizda uzluksiz taʼlim tizimi yangidan tashkil etilib, kadrlar tayyorlash jarayonlari zamonaviy dunyoga, rivojlanayotgan jamiyatga xos, ilm-fan va texnika taraqqiyotiga mos ravishda isloh qilinmoqda. Bu vaqt mobaynida taʼlim-tarbiya va ilm-fanga ajratil-gan mablag‘lar miqdori 6 karra oshib, 378 trillionga yetgani ham yurtimizda taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan dalolat.
Davlatimiz rahbari o‘z faoliyati davomida ko‘p bora samimiy uchrashuvlar o‘tkazgan soha vakillari — bu taʼlim va ilm-fan xodimlaridir.
Shunday uchrashuvlardan biri yaqinda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazib, o‘z hayotini yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishdek ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan muallimlarga xurmat-ehtirom ko‘rsatdi, tizimda alohida o‘rnak bo‘layotgan xodimlardan bir guruhini unvon, orden va medallar bilan takdirladi.
Anʼanaga muvofiq, ushbu uchrashuvda davlatimiz rahbari taʼlim va ilm-fan vakillarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning ijtimoiy himoyasiga, moddiy va maʼnaviy hayotini yana-da yaxshilashga xizmat qiladigan, uzluksiz taʼlim tizimining barcha bo‘g‘inlarini yangi bosqichga olib chiqadigan, yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadigan taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, yig‘ilishda uzluksiz o‘quvning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimizning 2026-yil — yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi, deb taʼkidlashi ham yoshlarga kasbiy taʼlim berish bugungi kunda naqadar dolzarb masala ekanligini namoyon etadi.
Tashkil qilinadigan Kasbiy taʼlim agentligi respublikamizdagi 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirishi va xalqaro standartlarni joriy etishi asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Kelgusida texnikumlarda “investor - tarmoq - texnikum” zanjiri asosida dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish va qamrovni 5 barobarga oshirish, shuningdek, zamonaviy ustaxonalar barpo qilish bo‘yicha korxonalar bilan aniq loyihalarni amalga oshirayotgan texnikumlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish choralarini ko‘rish belgilandi.
Dual taʼlimning kengaytirilishi texnikumlarni zamonaviy ishlab chiqarish shartlariga moslashtiradi, o‘quvchilarni amaldagi ish muhitiga tayyorlaydi va ularda ishlab chiqarish ko‘nikmalarini kuchaytiradi. Ayniqsa, bu jarayonlar o‘quvchilarning qimmatli vaqtini samarali band etib, ortiqcha xarajatlarsiz zarur kasbiy ko‘nikma va malakalarni oshirishda, bilimlar sohasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Ijtimoiy to‘lovlarning qisqartirilishi va imtiyozli kreditlar esa o‘quvchilarni ish jarayoniga qamrab olish ko‘lami hamda imkoniyatini kengaytiradi, qolaversa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Shuningdek, yangi texnologik hamkorliklar va loyihalar ijrosi hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash ko‘lamini oshiradi.
Yig‘ilishda texnikumlardagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini kuchaytirish choralariga ham alohida urg‘u berildi. Jumladan, maktablardagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun ham kasbiy sertifikatlash tizimini joriy etish, milliy sertifikat uchun 30 foiz, xalqaro sertifikat uchun 50 foiz miqdorida ustama to‘lash choralarini ko‘rish masʼullarga vazifa qilib qo‘yildi. Endi texnikumlardagi ilmiy daraja va unvonlarga ega murabbiylarga ham ustamalar to‘lanishi taʼkidlab o‘tildi.
Aytish joizki, milliy va xalqaro malaka sertifikatlari o‘qituvchi va ustalarning professionallik darajasini belgilaydi, texnikumlarda taʼlim sifatini yaxshilashga sharoit yaratadi. Ilmiy unvon-li murabbiylarga beriladigan ustamalar esa tajribali ustozlar uchun texnikumlarning jozibadorligini oshiradi hamda texnikum murabbiylarining maʼnaviy va ijtimoiy maqomini yaxshilashga xizmat qiladi.
Yurtboshimizning taʼlimni rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surgan tashabbus va takliflari yangi O‘zbekistonda taʼlim-tarbiyaning o‘rni hamda ahamiyatini yuksaltirib, o‘qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yana-da yaxshilashga imkoniyat yaratadi.
Odiljon MAMATKARIMOV,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,
tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.