O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi


624     19.09.2025

Davlatimiz rahbari nutqida ilgari surilgan barcha tashabbuslar bugun ijtimoiy hayotning o‘tkir ehtiyojlariga qaratilgani bilan juda muhimdir.

Aytish mumkinki, kambag‘allik taqdir emas, shaxsning harakatsizligi, o‘ziga nisbatan mas’uliyatsizligi va ayrim hollarda xato iqtisodiy siyosatning oqibatidir.

Yangi O‘zbekiston davrida tan olingan 20 foizdan ortiq bo‘lgan, qisqa davrdagi katta sa’y-harakatlar bilan 6 foizgacha tushirilgan kambag‘allik aynan sovet davridagi xato iqtisodiy siyosatning oqibati edi va u mustaqil O‘zbekistonning ilk yillarida ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, usti yopib qo‘yildi.

Dunyo e’tirofidagi Yangi O‘zbekiston islohotlari bilan nafaqat kambag‘allik borligi tan olindi, balki muammoni bartaraf etish uchun iqtisodiy siyosat tubdan o‘zgartirildi. Ko‘p bo‘lmagan vaqtda 700 mingga yaqin barqaror tadbirkorlik subyektlari va 3 millionga yaqin muntazam ish o‘rni yaratildi.

Eng muhimi, tadbirkorning davlatga, davlatning tadbirkorga ishonchi tiklandi va qonunlar amaldagi zaruratlarga moslashishni boshladi. O‘zimizni aldashni bas qildik, muammolarni ochiq-oydin muhokama qilib, bir butun xalq sifatida yechimlar izladik va yechimlari ham topildi.

Namanganda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro forumda ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston tajribasining o‘ziga xosligi alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, yirik xalqaro moliyaviy institutlar vakillarining fikriga ko‘ra, donor tashkilotlar O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqib, kambag‘allikni qisqartirish maqsadini moliyalashtirish tizimida islohotlar qilish zarurati haqida o‘ylay boshladilar.

Kambag‘al oilaning hech bo‘lmasa bir nafar farzandi oliy ma’lumotli bo‘lishi, xotin-qizlarning ilm olishini moliyalashtirish, maktabdanoq bolaning iqtidoriga to‘g‘ri baho berish va to‘g‘ri yo‘naltirish orqali kambag‘allikdan ko‘ra ko‘proq uni keltirib chiqarayotgan omillar bilan kurashishga e’tibor berilgani muvaffaqiyatning hal qiluvchi omillaridan bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Milliy qadriyatlarimizdagi qo‘shning och bo‘lsa sen to‘q bo‘lolmaysan, jaholatni faqat ma’rifat davolaydi, qiz bolani o‘qitish millatni o‘qitishdir, qalbing Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin, degan mezonlar bilan tarbiya ko‘radigan o‘zbek xalqi kambag‘allik, degan bugungi zamon xastaligini samarali davolashda namuna bo‘lishi kerak.

 

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari