Bugun quruq vaʼdalar bilan ishlab bo‘lmaydi


649     19.09.2025

Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida mahalliy deputatlarning joriy yil sakkiz oydagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy kengashi vakillari, fraksiya aʼzolari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar partiya tashkilotlari tomonidan hududda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar, saylovchi va elektorat manfaati himoyasi kabi masalalarda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Partiya dasturiy vazifalarini yanada samarali amalga oshirish, xususan, yoshlar bilan ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya, milliy qadriyat va tarixiy obyektlarni asrab-avaylash kabi yo‘nalishlarda taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar. 

– Siyosiy tafakkuri tobora yuksalayotgan aholini bugun quruq vaʼdalar bilan ishontirib bo‘lmaydi. Shu maʼnoda, har bir deputat masʼuliyat bilan faoliyat yuritib, saylovchilariga bergan vaʼdalarini munosib bajarishi, natija uchun ishlashi lozim, – deya taʼkidladi Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova.

Tadbir yakunida samarali faoliyat ko‘rsatgan bir qator deputatlarga Markaziy kengash Tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.