746 19.09.2025
Jahon banki O‘zbekistonni dunyoda kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida eng yuqori natijaga erishgan mamlakatlardan biri sifatida eʼtirof etgani bejiz emas. Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad ham avvalo odamlarni ish bilan taʼminlab, daromad manbaini yaratish va bu orqali o‘tayotgan har bir kunidan rozi qilishdir. Odamlar ertaga emas, bugun ham yaxshi, farovon yashashi kerak.
Taʼkidlash lozim, bu yo‘nalishdagi eng muhim voqeylik, shubhasiz, 2020-yilda mamlakatimizda kambag‘al qatlam borligining ochiq tan olingani bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘sha paytda 23 foiz aholi, yaʼni mamlakat aholisining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashagan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida bu borada amalga oshirilgan izchil islohotlar sabab 2024-yilda bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushdi. Yil yakuniga qadar uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Bunday natijaga erishishda o‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Namanganda bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumda so‘zlagan nutqida shu haqda gapirib, qisqa muddatda bunday natijaga erishish oson bo‘lmaganini alohida taʼkidladi.
Avvalo bu borada dunyo davlatlari tajribasi o‘rganilib, sinovdan o‘tkazildi va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha nafaqat Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi, balki imkoniyat, shart-sharoitdan kelib chiqib har bir hududning o‘z tajribasi paydo bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan eng samarali ishlardan biri manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, unda barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olingani va uning asosida manzilli va “mahallabay” ishlarning yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlanib, daromadini oshirish uchun yetarlicha resurs ajratildi. Birgina misol: odamlarning hayotini yaxshilash, tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish uchun har yili 2,5-3 milliard dollar ajratildi.
Bugun har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar kundalik hayotlarida his etib yashayayotgani hech kimga sir emas. Bunday keng ko‘lamli saʼy-harakatlar hisobiga O‘zbekistonda 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarish imkoniyati paydo bo‘ldi. Anjumanda Davlatimiz rahbari bu maqsadga erishish uchun asoslantirilgan yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilayotganini maʼlum qildi.
Darhaqiqat, yurtimizda odamlarning yaxshi yashashi uchun bor imkoniyatlar ishga solinayotgan ekan, har birimiz nafaqat yaratilayotgan qulayliklardan samarali, maqsadli foydalanishimiz, balki Yangi O‘zbekiston islohotlarida o‘zimizning tashabbus va g‘oyalarimiz, halol mehnatimiz bilan ham faol ishtirok etmog‘imiz lozim.
Albatta, yaxshi yashashimiz uchun bizdan ko‘p narsa talab etilmaydi. Buning uchun avvalo o‘zimiz o‘zgarib, boshqalarni ham o‘zgartirib, doimo harakatda bo‘lishimiz zarur. Zero, harakatsiz, mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati