Hali saylovchilardan qarzimizni uzolmadik...


149     13.08.2024

   Shu yilning 27 oktyabrida oliy majlis qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

   To‘g‘ri, saylov - bir kunda o‘tadigan siyosiy tadbir bo‘lsa-da, lekin unga ko‘pchilikning sa’y-harakati bilan oylab, hatto yillab tayyorgarlik ko‘rilishi azaldan ma’lum.

   Saylovning o‘ziga xos va favqulotda ahamiyati shundan iboratki, u yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz talablari bo‘yicha birinchi marta o‘tkazilmoqda.

   O‘zim ilk bor 1994 yili xalq deputatlari Yangiyer shahar deputati etib saylanganman. Shunga ham 30 yil bo‘libdi, hozirgi deputatlar bilan o‘sha davrdagi deputatlar faoliyati o‘rtasida keskin farq bor, albatta. Chunki endilikda zamonning o‘zi eskicha ishlashga yo‘l qo‘ymayapti. 2019 yilgi saylovlarda xalq deputatlari Sirdaryo viloyatining 8 ta tuman va 3 ta shahar Kengashlariga jami 370 deputat saylangan edi. Ularning faoliyatiga qisqacha to‘xtalsak, ularning asosan, uchta yo‘nalishda ish olib borganlari ma’lum bo‘ladi.

   Birinchidan, saylovchilar va mahalla «yettiligi» bilan har oy yakunida bevosita muloqot yo‘lga qo‘yilib, joriy yilning II choragi davomida 277 ta sayyor qabul o‘tkazildi va 4044 nafar fuqaroning murojaati eshitildi, 275 ta muammo yuzasidan doimiy komissiyalar va sessiya-larda muhokamalar tashkil qilinib, mutasaddilarga 61 ta «Deputatlik so‘rovi» yuborildi va 137 ta muammo tezda o‘z ijobiy yechimini topdi.
Ikkinchidan, deputatlar va partiya guruhlarimizning takliflari keskin ko‘paydi, agar 5 yil oldin sessiyada ko‘pi bilan 3 ta masala ko‘rilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 10 ga yaqin masala muhokama qilinyapti.

   Uchinchidan, viloyatda muhim ijtimoiy, iqtisodiy muammolar yechimi bo‘yicha
kuchli deputatlik nazorati yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Prezident qarorlari va farmonlari, tashrif bayonnomalari, Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi va viloyat Kengashi sessiyasi qarorlari, «Yo‘l xarita»lari xatlovdan o‘tkazilib, 606 ta nazoratga olinishi shart bo‘lgan topshiriqlar deputatlarga nomma-nom biriktirilib qo‘yildi.

   Saylovchi talablariga nisbatan ana shunday mas’uliyat bilan yondashuv mahalliy kengash deputatlari tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammo va murojaatlarga javoban o‘tgan besh yil mobaynida 120 dan ziyod amaliy ishlarga asos bo‘ldi. Shuningdek, 354 milliard so‘mlik qurilish-bunyodkorlik hamda ijtimoiy masalalarga oid Dasturlar ijrosi nazorat qilindi.

   Men viloyat Kengashi deputatligiga 6-Bunyodkor saylov okrugidan saylanganman, Guliston shahridagi 4 ta yirik mahalla ushbu okrugga kiradi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda ayrim ko‘chalarimizning holati talabga javob bermasligi qayta-qayta ko‘tarilardi. Ushbu muammo viloyat Kengashi sessiyasiga kiritilgach, 10 ta ta’mirtalab ko‘chaga 6 milliard so‘m ajratildi. Shundan keyin yo‘llar ta’mirdan chiqarildi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrda e’lon qilingan «O‘zbekiston - 2030 strategiyasi to‘g‘risida»gi qarorida kelgusi 7 yilda 100 ta maqsadga erishish ko‘zda tutilgan.

   Ular orasida «Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam «ovozi»ga aylantirish» vazifasi ham bor.
Keyingi yillarda davlat hokimiyatini xalqqa yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida ma’muriy islohotlar amalga oshirilib, yangi tahrirdagi Konstiutsiyamizda hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.

   Bugunga qadar mahalliy Kengashlarga amaliy-uslubiy ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlis Senatida «Hududiy vakillik organlari faoliyatini tahlil qilish markazi» tashkil etildi.

   Senat tashabbusi bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, Kengashlarda doi-miy asosda faoliyat yurituvchi Kotibiyatlar tashkil etildi. Hozir respublikada mavjud bo‘lgan 221 ta mahalliy Kengashlardagi deputatlarga kotibiyatlar tomonidan tashkiliy, axborot-tahliliy va boshqa xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

   Joriy yil 2 fevral kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.

   Ushbu farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marta - mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model -«Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbus-kor hokim» tamoyili asosida isloh qilinishi belgilab qo‘yildi.
2024 yilgi saylovlardan keyin xalq deputatlari viloyat Kengashlariga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladigan bo‘ldi. 2026 yil 1 yanvardan esa ushbu amaliyot xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga ham qo‘llanilishi Asosiy qonunimizda o‘z aksini topdi.

   Ayrim yurtdoshlarimiz bu yangilikka xavotir bilan qarab, quyi bo‘g‘inda hokimiyat bo‘linishi ro‘y berishini bashorat qilmoqdalar. Xo‘sh, chindan ham ushbu yangilik natijasida nimalar o‘zgaradi?

   Birinchidan, tom ma’noda mahalliy darajada demokratiyaning muhim talabi bo‘lmish hokimiyatlar bo‘linish prinsipining amaldagi ijrosi ta’minlanadi.

   Ikkinchidan, joylarda ijro (hokim) va vakillik (Kengash) organlari o‘rtasida, «bir-birini tiyib turish» mexanizmi ishlay boshlaydi. Bu esa hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

   Uchinchidan, Mahalliy kengash deputatlarining o‘z saylovchilarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan ijro organiga «istihola» qilmasdan so‘rov bilan murojaat qilish
imkoniyati yanada kengayadi.

   To‘rtinchidan, saylovchilarning Kengashlar va deputatlarga nisbatan ishonchi ortadi.
   Beshinchidan, xalq manfaat-larini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

   Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda yangi bosqichga qadam qo‘yilmoqda. Sirdaryolik deputatlar ham bu borada dastlabki qadamlarni qo‘ydilar. Ya’ni, shu yilning 20 aprel kuni viloyatda bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya biznes-forumi doirasida Kvandju metropoliten shahri Kvansan-Gu tumani delegatsiyasi tarkibida tuman Kengashi bilan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi o‘rtasida do‘stona almashuv shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, ikki mahalliy Kengash o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, iqtisodiyot, turizm, madaniyat, ta’lim kabi sohalarni rivojlantirish uchun faol almashuv ishlarini olib borishga qaror qilishdi. O‘zaro muloqotda hamkorlarimizning «Bizda barcha deputatlar uchun ishdan ham muhim masala -bu Kengash, hammasini u hal qiladi», degan javobni eshitdim. Demak, hali ulardan biz o‘rganadigan jihatlar ko‘p ekan.

   Umuman olganda, kelgusidagi saylovlardan keyin hokimlarning xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga raislik qilish amaliyotining tugatilishi xalqimiz hamda deputatlarning hududlarni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakat va tashabbuslarini birlashtirishga ham olib keladi. Ishonamanki, yangi tizim, deputatlarimizni fuqarolik jamiyatini tuzishda haqiqiy xalq «ovozi» bo‘lishiga xizmat qiladi.

   Abdushokir ABDURAXMONOV,
   xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati,
   Kengash kotibiyati mudiri.
   “Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 7-avgust sonidan olindi