654 19.09.2025
Mutolaani erta boshlash, yaʼni, tishi chiqmay turib unga, kitob o‘qib berish bolaning aqliy va hissiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatar ekan...
Yoshiga mos kitob tanlash esa o‘qish jarayonini yanada yoqimli va samarali qiladi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, 3 yoshgacha bo‘lgan davr bolalarni kitobga qiziqtirishning eng muhim bosqichi hisoblanarkan.
Bolalar adabiyoti deganda, ko‘pincha harf taniydigan, o‘qishni biladigan bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarni tushunamiz. Shundan kelib chiqibmi, farzandimiz qo‘liga o‘qishni o‘rganib olganidan keyingina kitob tutqazamiz. Tadqiqotlarga ko‘ra, inson umri davomida oladigan asosiy maʼlumotlarning 80 foizini maktabgacha bo‘lgan yoshida olar ekan. Shuning uchun ham dunyodagi eng ko‘p kitob o‘qiladigan davlatlarda bolalarni kitob bilan tanishtirish davri tug‘ilganidan to 3 yoshgacha etib belgilangan. Zero, rangli, rasmli, matnsiz yoki qisqa matnli kitoblar, interaktiv nashrlar bolaning har jihatdan barkamol ulg‘ayishiga xizmat qilishini alohida taʼkidlash joiz.
Joriy yil boshida partiyamizda shakllantirilgan guruhlar ishtirokida “2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi” ijrosi bo‘yicha nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar olib borgandik.
Unda axborot-kutubxona markazlari bilan bir qatorda 160 ga yaqin maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanganlik holatini ham tahlil qildik. Maʼlum bo‘lishicha, ayrim ko‘p bog‘chalarda kutubxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan, borlarida ham bolalar uchun mo‘ljallangan milliy va zamonaviy adabiyotlar yetishmayapti.
Shundan kelib chiqib, partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining “Milliy madaniyat va maʼnaviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, boyitish” bandida belgilangan kitobning inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi ahamiyatini eʼtirof etgan holda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Milliy tiklanish” kutubxonalarini tashkil etish rejalashtirildi. Bolaning murg‘ak yoshidan boshlab kitob o‘qishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida esa “Mening birinchi kitobim” loyihasiga start berildi. Bilamizki, milliy kontentni rivojlantirishda bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlashga ham ustuvor ahamiyat qaratish, oilaviy mutolaa anʼanasini tiklash va ommalashtirish, bolalarni kichik yoshidan mutolaaga qiziqtirish orqali ularning dunyoqarashi, maʼnaviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, nutqi, fikrlashi, tahlil qilishi va albatta, tasavvur qobiliyatini rivojlantirish hamda bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlariga kitob javonlari hamda kichkintoylarga mo‘ljallangan kitoblar taqdim etish ko‘zda tutildi. Kitoblarning 34 tasini zamonaviy o‘zbek adabiyoti, 20 tasini o‘zbek xalq ertaklari, 9 tasini esa jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlar tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Taniqli bolalar adiblarining uchta yosh toifasi, yaʼni, 0 dan 3 yoshgacha, 3 yoshdan 5 yoshgacha hamda 5 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 63 nomdagi, jami 630 dan ziyod sheʼriy, nasriy asarlari, ilmiy-ommabop adabiyotlar kitob javonlaridan o‘rin oldi. Jumladan, bir necha avlodlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgan taniqli bolalar shoiri Po‘lat Mo‘minning “Bo‘ladigan bolalar”, Zulfiya Mo‘minovaning “Donishmand Toshbaqaning ko‘zoynagi”, partiya tashabbusi va moliyaviy yordami bilan chop etilgan taniqli shoira Sharifa Salimovaning “Qushlar alifbosi”, Saʼdulla Quronovning “Mening gallaktikam” kitoblari, Amazon platformasida reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha Yaponiya, Skandinaviya, AQSHda eng ko‘p sotilgan o‘zbek bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning “Ajoyib kaktus”, “Tomchi qayerga ketdi?”, “Eng zo‘r chumoli”, “Tug‘ilgan kunimga sovg‘a”, o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan madaniyat va urf-odatlar haqida tushuncha beruvchi zamonaviy ertaklar muallifi Saida Rashidovaning “Do‘pka”, bolalar adabiyoti bo‘yicha milliy va xalqaro tanlovlar g‘olibi Gulnoz Tojiboyevaning “Epchil Zag‘izg‘on”, “Mehmondo‘st olmaxon” kabi kitoblari o‘rin olgan. Shuningdek, bolalarga taqdim etilayotgan kitoblar orasida “Asaxiy books” nashriyoti tomonidan “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan mashhurlarning hayotidan hikoya qiluvchi 5 nomdagi - Muhammad Ali, Stiv Jobs, Albert Eynshteyn, Motsart, Leonardo da Vinchi nomli asarlar to‘plami ham bor. “Yangi asr avlodi”, “Akademnashr”, “Zukko kitobxon”, “Asaxiy books”, “Invest-Book” kabi bir qator yirik nashriyotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyihaning eʼtiborga molik jihati shundaki, kitob javonlarini taqdim etishga bag‘ishlangan tadbirlarda ertaklarni bolajonlarga mualliflarning o‘zlari o‘qib berishadi. Maʼlumki, bolalar uchun kitob tanlash hamda ularni o‘qib berishda nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi juda muhim masala. Yozuvchilar tomonidan o‘tkazilgan “Mahorat darslari”da ota-onalar hamda tabiyachilarga bolalar bilan birgalikda kitob o‘qish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar beriladi. Bunday loyihalar orqali bolalarda kitob o‘qish odati shakllanadi, milliy adabiyot va maʼnaviyatga qiziqish kuchayadi, pedagoglar uchun esa yangi metodik imkoniyatlar yaratiladi...
Loyiha doirasida poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 588-sonli hamda Bektemir tumanidagi 577-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotiga “Mening birinchi kutubxonam” turkumidan 0-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan eng sara bolalar adabiyotlaridan iborat kitob javonlari taqdim etildi.
Bugun bolalar uchun chop etilayotgan adabiyotlar bilan bolalar hamda ularning ota-onalarini yaqindan tanishtirish, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida kutubxonalar tashkil etish, mavjudlari fondini boytish tashabbusini umummilliy harakatga aylantirish, shu tariqa bolalar adabiyoti targ‘ibotiga ko‘maklashish, har bir xonadonda oilaviy kutubxonlarni tashkil etish maqsadi ko‘zlangan mazkur aksiya bosqichma-bosqich hududlarda ham amalga oshiriladi. Yaqin kunlarda partiya tomonidan shakllantirilayotgan 150 ta adabiyotlar ro‘yxati 0-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga o‘qish uchun tavsiya etiladi. Mazkur tashabbusni ommalashtirish maqsadida partiyamiz tomonidan quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
Partiyamiz tashabbusi bilan Respublika bolalar kutubxonasida o‘tkazilgan “Bolalar kitobxonligi: muammo va yechimlar” mavzusidagi ochiq muloqotda bolalar yozuvchilaridan biri: “Bu davra suhbati ham har galgidek samarasiz, “xo‘ja ko‘rsinga” o‘tadigan tadbirlardan birida”, degan edi.
Ammo yuqoridagidek, tizimli ishlardan ko‘rinib turibdiki, “Milliy tiklanish”ning ushbu masalaga yondashuvi “xo‘ja ko‘rsin”ga o‘tadigan tadbirlardan emas! Aksincha, bolalar kitobxonligini rag‘batlantirish, oilaviy mutolaa madaniyatini shakllantirish ustuvor maqsadlarimizdan bo‘lib, bu boradagi ishlar uzviylik kasb etmoqda. Bog‘chalarda bolalarning yoshiga mos, axloqiy va milliy qadriyatlar singdirilgan kitoblardan iborat kutubxonalar tashkil qilishga qaratilgan mazkur aksiya ham, kuni kecha “Mutolaa” loyihasi bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik Memorandumi ham bu yo‘ldagi saʼy-harakatlarimizning mantiqiy davomidir. Zero, mamlakatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.
Feruza Jalilova
partiya markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i