Umummilliy harakatga aylangan ezgu tashabbuslar


1037     19.09.2025

Davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzuidagi III xalqaro forumning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida taʼkidlanganidek, yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar, avvalo, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishni o‘z ichiga oladi. Chunki inson qadri faqat so‘zda emas, balki har bir fuqaroning hayotida, iqtisodiy imkoniyatlarida o‘z aksini topishi kerak.

Kambag‘allik — nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy muammo hamdir. U insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga, taʼlim olish, sog‘lig‘ini saqlash va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois yangi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Kambag‘allik yurtimizda ko‘p yillar yopiq mavzu bo‘lib keldi. Faqat 2020-yil 24-yanvar kuni Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda ochiq-oydin gapirildi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, aynan tadbirkorlikni rivojlantirish, taʼlimga eʼtiborni oshirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

Mutaxassislarning fikricha, kambag‘allikdan chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li — bu taʼlim sifatini yaxshilash. Ishni bolalardan boshlash kerak. Bilimli, maʼrifatli inson, tadbirkorlik ruhida o‘sib ulg‘ayayotgan avlod ishtiyoq bilan o‘qiydi, yaxshi hayot qurish, o‘zi va oilasi farovonligini taʼminlash uchun ishlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida jadal amalga oshirilayotgan islohotlar siyosiy, iqtisodiy, maʼmuriy, ijtimoiy-maʼnaviy sohalarni qamrab olishi bilan bir qatorda kambag‘allikka ham butkul barham berishga xizmat qiladi. Kambag‘allikka qarshi pul bilan emas, aql va bilim bilan kurashish kerak. Shuning uchun kambag‘allarga “baliq emas, qarmoq berish”, yaʼni ularni bilimli qilish, kasbga o‘rgatish va biznesga tortish — eng to‘g‘ri yo‘l. Prezidentimizning qayta-qayta takrorlaydigan “Mening eng katta maqsadim — odamlarni boy qilish” degan so‘zlari zamirida aynan qashshoqlikni tugatish maqsadi yotadi.

So‘nggi sakkiz yilda odamlarning haq-huquqini himoya etish, ularni munosib ish joyi bilan taʼminlash, daromadini ko‘paytirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan xayrli ishlar amalga oshirildi. Izchil islohotlar tufayli 7,5 mln. aholi kambag‘allikdan chiqarilib, uning darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. 2025-yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.

Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Prezidentimizning pragmatik va oqilona siyosati tufayli o‘tgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangi tashabbus va tajribalar sinovdan o‘tkazildi. Dunyodagi ijobiy yutuqlar o‘rganilib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi. Butun xalqaro jamoatchilik bu modelni eʼtirof etdi.

O‘xshashi yo‘q yangi tizim o‘zini oqladi

Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul doridarmon, 255 ming oilaga oziq- ovqat mahsulotlari, yana 1 mln. 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi. Bu maqsadlar uchun jami 8 mlrd. dollarlik mablag‘ va imtiyozlar taqdim etildi. Natijada 5 mln. 200 ming nafar odam “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qilindi. Shu yilning o‘zida 2 mln. 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarning parvarishga muxtoj aʼzolariga yangi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani tufayli 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkoni yaratildi.

Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, mahallabay ishlash tizimining yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni ko‘tarish uchun yetarli resurs ajratildi. Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30 — 50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qili- nishi natijasida 800 ming kishining daromadi oshdi.

Eng muhimi, odamlarga faqat moddiy yordam berilmayapti, ular tadbirkorlik ilmiga, biznes innovatorligiga ham o‘rgatilmoqda. Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish jarayoni faol davom etmoqda. Biznesni rivojlantirish uchun imkoniyat ko‘p. Bo‘lg‘usi ishbilarmonlarga loyihalarni ishlab chiqishda yordam, kredit berilmoqda, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash markazlari ochilgan.

Ayollar va yoshlar, shu jumladan, litsey va kollej bitiruvchilariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarni jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish masalasi ham davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Bugungi kunda xotin-qizlarga oliygohda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul taʼlim olish tizimi joriy etilgani hech kimga sir emas. Ayni paytda talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil qilayotgani, shu yilning o‘zida 1 mln.

700 ming ayol ishli bo‘lgani tahsinga sazovor.

Bu ishni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizni 1T, fintex va sunʼiy intellektga o‘qitish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligini qo‘llab- quvvatlash uchun 1,5 mlrd. dollar ajratildi. Ushbu mablag‘larni yanada ko‘paytirib, kelgusi yili yana 2 mln. ayol doimiy daromadli bo‘lishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan. 2026-yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimi qamrovi keskin oshiriladi. Bu ularning kambag‘allikka tushib qolmasligini kafolatlaydi. Qolaversa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada ko‘tarish bo‘yicha yangi-yangi tajribalarni o‘rtoqlashish maqsadida kelgusi yil Namanganda Osiyo ishbilarmon ayollar forumini o‘tkazishga qaror qilindi.

Odamlarni kasbga o‘rgatish — muhim masala

Kambag‘allikdan chiqishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — odamlarni kasbga o‘rgatish. Chunki hamma ham biznes yurita olmaydi. Ommaviy tarzda kredit ajratilishi ham vaziyatdan chiqishga imkon bermaydi. Kambag‘allikni kamaytirish — odamlarda tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.

Afsuski, jamiyatda davlat yordamiga qarab o‘tiradigan, boqimandalikka o‘rganib qolganlar ham talaygina. Vaholanki, har bir oilaning o‘ziga yarasha kam-ko‘sti, ehtiyojlari bo‘ladi. Farzandlar o‘sib-ulg‘ayib oyoqqa turguniga qadar ularning taʼminoti bilan shug‘ullanish kerak. Lekin oila boshlig‘i tanbal va ishyoqmas bo‘lsa, ortib boruvchi ehtiyojlar oxir-oqibat uni boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Endi u jamiyatdan, davlatdan noliy boshlaydi. Dangasalik illati qaysi xalqda ildiz otsa, albatta, zaiflashtiradi, taraqqiyot karvonidan ortda qoldiradi va vayron qiladi. Bekorchilik eng zararli ofatlardan. Sekin-asta insonni ishdan chiqaradi, hayotini barbod etadi. Kambag‘allik ayb emas, ammo u yalqovlik sababidan kelgan bo‘lsa, katta aybdir. Dunyoning obodligi esa faqat yaxshi amallar, mehnat va tadbir bilan hosil bo‘ladi.

Hali-hanuz tomorqasidan foydalanishni bilmaydiganlar oz emas. Raqamlar esa quyidagicha: o‘z tomorqasiga ega 5 mln. 105,5 mingdan ortiq xonadonlardan qariyb 176 mingtasi yerdan samarasiz foydalanmoqda. Bu degani, o‘n sotix yerga to‘rtta daraxt ekib, yerga ketmon urmaslik yoki katta maydonga faqat jo‘xori va beda ekish ham samarasizlikdir. Biz odamlar tomorqada umuman ishlamayapti, degan qarashdan yiroqmiz. Lekin imkoniyatning katta qismini boy berayotganimiz ham achchiq haqiqat.

Holat raqamlarda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Agar unumdorligi past tomorqalarning har birini shartli ravishda o‘rtacha 5 sotixdan deb olsak, umumiy hisobda salkam 9 ming gektar yerdan unumli foydalana olmayotgan bo‘lamiz. Aslida, qishloq sharoitidagi aksariyat tomorqalar maydoni 5 sotixdan katta. Bu minimum hisob-kitobda ham juda katta yo‘qotish, degani. Yonma-yon ikki qishloqda, hatto ikki qo‘shni tomorqasida ikki xil ahvolni ko‘p ko‘rganmiz. Umuman olganda, tomorqasi bor odam kambag‘al bo‘lishi mumkin emas. Ammo hayhotdek tomorqasi bo‘la turib, ro‘zg‘orini tebratolmay yurganlar bor.

Afsuski, qishloq xo‘jaligida ko‘p depsinishlar bo‘ldi, yerga xo‘jasizlarcha munosabat davom etdi. Bularning oqibatini izohlab o‘tirishga zarurat bo‘lmasa kerak. Agar qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashib, ishimizni ilg‘or tajribalar aso- sida tashkil eta olganimizda bugun iqtisodiyotimiz ham, hayotimiz ham boshqacha — hozirgidan bir necha barobar yuqori bo‘lardi. Bu achchiq haqiqatlar bizga har qanday ishni chuqur o‘ylab, har tomonlama hisob-kitob qilib, boshqalar tajribasini o‘rganib, so‘ng boshlashdan saboq bermoqda. Buyruq berish oson. Bir og‘iz gap bilan qaysidir ishni boshqa o‘zanga burib yuborish ham qiyin emas. Ammo yetarli ilmiy asosga ega bo‘lmagan buyruqlar oqibatini bartaraf qilish juda murakkab bo‘lishini ham ko‘rdik.

Bugun dunyo iqtisodiyoti o‘zaro qarama-qarshiliklar, qurolli mojarolar, ekologik muammolar tufayli behisob ziyon ko‘rmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Masala rivojlangan davlatlarni ham tashvishga solmoqda. Bu vaziyatdan har kim imkoniyati va tanlagan yo‘liga yarasha chiqadi, albatta. Ammo oziq-ovqat masalasi yerga, qishloq xo‘jaligiga bog‘liqligini inkor etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bugun qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohadagi imkoniyatlarimizdan samarali foydalanishga qaratilgan strategiya ishlab chiqilib, amalga oshirish yo‘lidan borilmoqda.

Muammodan xalos bo‘lishning yana bir yo‘li

Kambag‘allikni qisqartirishda aholi sog‘lig‘ini himoya qilishning ham o‘z o‘rni bor. Aholi sog‘lig‘ini asrash, salomatligini tiklash ham kambag‘allikdan tezroq xalos bo‘lishning yana bir yo‘li. Chunki xalq salomat bo‘lsa, yurt boy bo‘ladi. Odamlar dori-darmonga kamroq pul sarflaydi. 2019-yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uch olim — amerikalik Maykl Kremer va Abxijit Banerji hamda fransiyalik Ester Dyuflo kambag‘allikka qarshi kurashda taʼlim va sog‘liqni saqlash sohasi bog‘liqligini, boshqacha aytganda, kambag‘allikni qisqartirishda bu ikki soha rivoji juda samarali ekanini amaliy jihatdan isbotladi.

Inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi. Shu bois mamlakatimizda 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, ularni yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlarni ko‘paytirib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajatini 2 karra qisqartirish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, taʼlim orqali odamlarning savodini ko‘tarish, bandligini taʼminlash mumkin. Bu borada ham amaliy ishlarga qo‘l urildi. Farzandlarimizning bog‘chalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 mln. nafar ayol taʼlim olish, kasb-xunar o‘rganish va daromad topish imkoniga ega bo‘ldi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli yigit yoki qiz bo‘lishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari ko‘paytiriladi. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etiladi, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.

Innovatsion tarzda tashkil qilingan “Ishga marhamat” monomarkazlarida turli zamonaviy kasblar asosida yoshlarni ish bilan taʼminlash bosh masala etib belgilangan. Markaz faoliyatidagi eng muhim jihat shuki, qisqa muddatda yoshlarni mehnat bozoridagi talab yuqori kasblarga tayyorlaydi. Monomarkazda qurilish, texnik mutaxassislik, xizmat ko‘rsatish, kompyuter va moliyaviy savodxonlik, xorijiy tillar bo‘yicha mutaxasislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. O‘quv kurslari davomida tadbirkorlik huquqi, bozor iqtisodiyoti, biznes yuritish qoidalari, soliqqa tortish asoslari, eksport va import operatsiyalari, marketing asoslari bo‘yicha eng so‘nggi zamonaviy bilimlar berib boriladi.

Keyingi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini taʼkidlash lozim. Bu esa mahallalardagi yoshlar yetakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini taʼminlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni quyi bo‘g‘inning o‘zida hal etish imkonini bermoqda. Yeshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli kambag‘allik ko‘lami qisqarmoqda.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tuzilmasi

Kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi o‘ziga xos va boshqa mamlakatlardan tubdan farq qiladigan jihat — yurtimizda mahalla institutining mavjudligi. O‘zini o‘zi boshqarishning mazkur noyob tuzilmasi jamiyat boshqaruvining eng quyi tayanch bo‘g‘inidir. Shu sababli mahalladagi islohotlar aholi farovonligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish samaradorligiga bevosita taʼsir etadi.

Mahallada har bir oilaning turmush darajasini monitoring qilish orqali yashash sharoiti, asosiy ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojlarini aniqlash imkoni mavjud. Shuning uchun kambag‘allik ko‘lamini obyektiv baholash, monitoring qilish, aniq chora-tadbirlar ko‘rishda mahallaning o‘rni va ahamiyati juda katta. Mahallalarning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va yangi, jumladan, drayver loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga ko‘maklashish, shu orqali iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, mavjud imkoniyatlarni o‘rganish va samarali foydalanish bilan joylarda tadbirkorlik va raqobat muhitini yaxshilash, samaradorlik va daromadlilik tamoyillaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, maslahat berish va biznes rejalari tayyorlash uchun mijozga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bu jarayondagi muhim vazifalardan.

Bugun har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borayotganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli saʼy-harakatlar hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni ikki karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda. Yangi O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish borasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida qatʼiy qadamlar qo‘ymoqda. Aminmizki, amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini beradi va O‘zbekiston bu borada ham barcha majburiyatlarini bajarishga erishadi. Zero, inson qadri ulug‘langan yurtda har bir fuqaroning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun sharoitlar mavjud.

 

To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.