655 23.09.2025
Ha, oy to‘lin bo‘lganda shunday oqarsa kerak... Men barcha mo‘ylari bunchalar oppoq oqarib ketgan odamni hech ko‘rmagan edim. Hatto qoshlari, kipriklari ham oppoq edi. Qora - kuch, oq - aql deb shuni aytsalar kerak.
1963-yil edi, shekilli, Navoiy kutubxonasi qarshisidagi uyda Abdulla Qahhorning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘ldi. Abdulla aka: “Avval yoshlar gapirsin, yoshlar”, dedilar. Biroz payt hech kim so‘zlagani jurʼat qilmadi. So‘ng o‘rtaga o‘ng‘aysizlik cho‘ka boshladi. Yuragim taka-puka bo‘lib men o‘rnimdan turdim... O‘sha kunning o‘zidayoq nima deganlarim esimdan ko‘tarilgan... Abdulla aka o‘zini sira ham katta olmay yoki begonasiramay kulimsirab o‘tirardilar. U kishining hali g‘o‘r, hech narsasi ko‘rinmagan talaba yoshlar ichida xuddi shularning biriday bo‘lib o‘tirishi meni hayratga soldi. Ko‘nglimizga yaqinlik va muhabbat uchqunlari tushdi. Chamasi, adabiy tanqidchilik bilan yozuvchi o‘rtasidagi hamkorlik haqida so‘zladim. Merimening bir hikoyasida eri to‘lg‘oq tutayotgan xotini yonida yotib, u bilan barobar va hatto undan ming marotaba ko‘proq to‘lg‘oq azoblarini kechirishi, shu bilan go‘yo xotinini bu azoblarga giriftor qilganligi gunohini yuvishi, uning azobini qanday bo‘lmasin yengillatishga urinishi haqida aytdim. Adabiy tanqidchi ham yozuvchining to‘lg‘oq azoblarini o‘z boshidan kechirmaguncha, uning asari ichiga chuqur kirolmasligi ravshan, dedim. Abdulla aka kulib yubordilar. So‘ng o‘z ijod tajribalari, yoshlarga maslahatlarini o‘rtoqlashdilar va bu to‘lg‘oq azobiga ham to‘xtalib o‘tdilar. Abdulla akani yaqindan birinchi ko‘rishim shu edi.
So‘ng shu yilning iyul oyi boshlarida Do‘rmonga chiqdim. Unda aziz arg‘uvonning hali bitta ham shoxi qurimagan edi. Bog‘ g‘oyatda sokin va jimjit bo‘lar ekan... Bir necha kun mobaynida Abdulla akani har kuni ko‘rishga, so‘zlarini eshitishga muyassar bo‘ldim.
Abdulla akaning hamma gaplari tayyor hikoya edi. U kishining qanday gapirishlari bilan qanday hikoya yozishlari, to‘g‘rirog‘i, hikoya qilish maneralari o‘rtasida unchalar tafovut yo‘q edi, shekilli. Juda osuda, ohista, zo‘r ishonch bilan yurakdan so‘zlar edilar. Hikoyalarini o‘qiganimda doim Abdulla akaning ovozi qulog‘imda jaranglab turadi. Bu osudalik tagida vulqonlar yashirinib yotadi. To‘lin oy tunlari ko‘hna olamga shunday ohista hikoya aytadi, chamasi. Uning hikoyasida zaminu ziroat, maxluqu mavjudotga ona murabbiyligi bor.
Abdulla Qahhorning prozasi odamni ruhan tozartiradigan proza. To‘lin oy kabi tinmay ertaklar so‘zlaydi.
Bizning ayni bolaligimiz qattol urush paytlariga to‘g‘ri keldi. Kitoblarga tashna edik. Lekin nima o‘qishni bilmasdik. Biz o‘qiydigan yoshlarbop kitoblar juda kam edi. Abdulla akaning kichkina, yupqagina muqovalarda chiqqan “Yillar”, “Tomoshabog‘”, “Asror bobo”, “Ko‘k konvert” degan hikoyalarini o‘qidik. Urushdan keyingi yillarda sal esimizni taniganda “Qo‘shchinor”ni, universitetning ikkinchi kursida o‘qiyotganda esa “Sarob”ning yigirma yildan so‘ng chiqqan yangi nashrini o‘qidik. “Sarob”ni ikkinchi kurs studentlari o‘zimizcha o‘qib muhokama qilganmiz...
So‘ng oltmishinchi yillarning o‘rtalarida Abdulla akaning olti tomlik asarlari chiqadigan bo‘ldi. O‘shanda klassik adabiyot bo‘limining mudiri bo‘lib ishlardim. Adiblarimizning ko‘p jildlik kitoblarini chiqarish yo‘lga qo‘yila boshlagan edi. Saodatli kunlarning birida Abdulla aka Kibriyo opa bilan birgalikda katta papkada olti tomlikning birinchi tomini olib keldilar.
Kibriyo opa birinchi tomga Abdulla akangiz ko‘p narsalarini kiritishni istamayapti, ko‘p tomlik asarlar yozuvchining eng mukammal, badiiy yetuk asarlaridan tuzilishi kerak, bo‘lmasa ko‘p tomlik bo‘lmaydi, deb aytyaptilar, deb qoldilar. Abdulla aka birinchi tomga suratlar berishga ham rozi bo‘lmadilar. Tomning muqovasiga Abdulla akaning dastxatlarini yozdirib oldik. Ozod Sharafiddinov hayajonga to‘la yorqin so‘zboshi yozdi. Abdulla aka olti tomlikning juda chiroyli nashr etilgan shu birinchi tominigina ko‘rib qoldilar. Qolgan tomlar, garchi, u kishi o‘zlari tomonidan bevosita ko‘rilgan va tayyorlangan bo‘lsada, lekin vafotlaridan so‘ng chiqdi va tugallandi. Hurmatli Kibriyo Qahhorova ularni tayyorlashda qattiq jonbozlik ko‘rsatdi.
1968-yil aprel oyining boshlari edi. Erkin Vohidov: “Abdulla aka betob yotgan emishlar, ko‘rib kelaylik”, dedilar. Ancha fursat so‘zlashib o‘tirdik. Vrach ukol qilib ketdi. Abdulla akalar ertaga davolangani Moskvaga ketishayotgan ekan. Shu kuni Abdulla akani ko‘rgani Nosir Fozilov kelgan edi. Ravil Albekov ham bor edi. U bizni birga suratga oldi. O‘sha surat qimmatli yodgor bo‘lib saqlanadi. Nosir aka bu suratni Abdulla akaning so‘nggi surati deb yuradi. So‘ng 1968-yil mayning oxirida hammani og‘ir larzaga solgan shum xabar keldi...
Abdulla Qahhor hamma tiriklarga hamroh bo‘lib qoldi.
Ibrohim G‘AFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabr sonidan olindi