779 23.09.2025
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingan “Alamim bor...” nomli maqolasini o‘qib ko‘nglimdan o‘tgan o‘ylar
Men siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” nomli maqolasini bu boradagi bo‘shliqni to‘ldirish yo‘lida muhim tadqiqot deb hisoblayman. Bugun bizga aynan mana shunday - millatni birlashtiradigan, beparvolik, loqaydlik illatlariga qarshi kurashadigan maqolalar zarur. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining tub mohiyatini ochib beradigan tadqiqotlar, izlanishlar kerak. Ayniqsa, yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat uyg‘otadigan, vorislik hissini beradigan fikrlar, mulohazalar juda zarur.
O‘tmishdan xulosa chiqarish, tarix haqiqatlarini anglashimiz uchun ham “Alamim bor...” kabi maqolalar yozilishi, chop etilishi, keng ommaga havola qilinishi juda muhim. Maqsad kimnidir ayblash yoki o‘tgan yillarni qoralash emas, haqiqatni bilish, haqiqatni anglashdir. Jahonda yuz berayotgan mafkuraviy kurashlar bizni o‘ylashga, mulohaza yuritishga undashi zarur.
Millat qalbidagi alamlarning nima ekanligini, ayniqsa, biz katta avlod vakillari yaxshi bilamiz, chuqur tushunamiz. Chunki o‘sha alamli yillarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz, guvohi bo‘lganmiz. “Alamim bor...” maqolasida aytilgan fikrlarning naqadar to‘g‘riligiga, muhimligiga iymon keltiramiz.
Qayerdasan, Afshona?
Samarqand davlat universitetining do‘stlari, hamkorlari bo‘lgan ikki ulug‘ olimning ibratli ziyorati meni o‘yga toldirgan edi.
AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi, Nobel mukofoti sovrindori, SamDU faxriy professori Aziz Sanjar Samarqandga tashrifi chog‘ida, ulug‘ yoshga yetganiga qaramasdan safar mashaqqatlariga bardosh berib, salomatligi yaxshi bo‘lmasada, buyuk olim Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Buxoroning Afshona qishlog‘iga otlandi. O‘shanda Amerikadan Samarqandgacha salkam 15 soat samolyotda uchib kelgan Aziz Sanjar Afshonaga borib, Ibn Sino tug‘ilgan tuproqni ko‘ziga surtgandi.
AQShning Texas universiteti professori, SamDU faxriy professori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov Samarqandga tashrifi davomida Afshonaga borib Ibn Sinoni dunyoga bergan zaminni tavof etgandi.
Men o‘ylab qolaman. O‘zbekistonda tug‘ilib, yashab Afshonani ko‘rmaganlar qancha? Olimlik rutbasiga erishib, Ibn Sino tug‘ilgan zaminni bilmaganlar qancha?
Aziz Sanjar Turkiyada tug‘ilgan, butun umri Amerikada o‘tgan. Uning ish stoli oldida Mirzo Ulug‘bekning surati ilinib turar ekan. U Mirzo Ulug‘bek yashagan Samarqandni yaxshi ko‘rib qolganini aytib, bu tabarruk tuproqda nafaqat tug‘ilish, balki mangu qo‘nim topish ham baxt ekanligini ta’kidlagan edi.
Har ikki ulug‘ yoshdagi olimlarning ziyorati, e’tirofi meni to‘lqinlantirib yuborgandi. Shu bilan birga, biz buyuk millat ekanligimizni, buyuk mamlakat ekanligimizni his qilishimiz uchun yana qancha vaqt kerakligini alam bilan o‘ylagandim...
Sochilgan salohiyat
Dunyoning qudratli, taraqqiy etgan, rivojlangan qaysi bir mamlakatiga bormaylik, uning muzeylarida saqlanayotgan bizning bobolarimizga tegishli bo‘lgan qo‘lyozmami, osoriatiqami, hatto bir buyummi olib ketilganiga, saqlanayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Alam bilan o‘ylayman: bu mo‘jizalarni biz yaratmaganmiz. Ular ulug‘ ajdodlarimiz mashaqqatli mehnatining mevasidir. Biz buyuk va boy madaniy merosni hatto saqlashning ham uddasidan chiqa olmaganmiz.
O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 1980-yilda alam bilan yozganidek:
Juda tabarruk edi, bu kosa.
Balki undan
Bobur bol yalagandir.
Balki undan
Hayyom may simirgandir.
Suv ichayotib sindiribsan-a, landavur!
Biz dunyo bo‘ylab sochilib ketgan salohiyatimizni, hatto yig‘ib olishga ham yaramadik. Mustaqillikning dastlabki 25 yilini havoga sovurdik. Aksincha, boy madaniy merosimizni o‘g‘irlash, talash, talon-toroj qilish davom etganligini afsus-nadomat bilan tan olishdan boshqa choramiz yo‘q.
Bu o‘rinda men vorislik, egalik haqida to‘xtalmoqchiman. Biz o‘zimizni anglashimiz uchun bir asrdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi. Ba’zan davrni ayblaymiz, ba’zan hamma narsani pulga taqaymiz. Lekin tan olgimiz kelmaydi: biz vatanparvar millat emasmiz. Agar vatanparvar bo‘lganimizda edi, bugungi alam-iztiroblar o‘rnini boshqa tuyg‘ular egallagan bo‘lardi.
O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning quyidagi esdaliklari yodimga tushdi. U mustabid tuzum davrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Aleksandr Pushkin nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti institutida ishlagan paytni shunday xotirlaydi.
Ozarbayjonga xizmat safariga borgan shoir mazkur safar guvohnomasini rasmiylashtirish uchun mezbonlarga uzatadi. Shunda bir ozarbayjon yonidagi hamkasbiga: “Qara, O‘zbek tili va adabiyoti instituti Pushkin nomida ekan”, deydi va davom etadi: “O‘zbek tili va adabiyoti instituti direktori o‘rinbosari koreys ekan”, deydi. Buni eshitib o‘tirgan ozarbayjon Jamol Kamolga qarab: “Joning bormi, qardosh?” degan ekan.
Menimcha, izohga hojat yo‘q.
Ma’rifat qutqazgan
Tarixning qaysi bir davrini olib qaramang, o‘zbek davlatchiligining eng yuqori cho‘qqisi ma’rifat va ma’naviyat bo‘lgan. Qaysi davrda ma’ rifat kuchaygan bo‘lsa, davlatchiligimiz mustahkamlangan.
Temuriylar hukmronligini tarozining bir pallasiga qo‘yadigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek ma’rifati tarozining ikkinchi tomonini to‘ldirib, tosh bosib turibdi. Bu haqiqatni inkor qilib bo‘lmaydi. Millatni tanazzuldan ma’rifat olib chiqadi. Millatni ma’rifat yuksaltiradi. Millatni ma’rifat birlashtiradi.
Qachon nochorlashgan, qachon davlatchiligimiz xavf ostida qolgan bo‘lsa, bu ham ma’rifatsizligimiz tufayli yuz bergan. Uzoqqa borish kerak emas. Chor Rossiyasi Turkistonni ishg‘ol qilganda ham ma’naviy-ma’rifiy, mafkuraviy ahvolimiz o‘ta nochor edi.
Vatanparvarlik ma’ rifat va ma’naviyat bilan uyg‘unlashgandagina haqiqiy vatanparvarlikka aylanadi. Men ilmsiz, ma’naviyatsiz millatning vatanparvarligiga ishonmayman.
Vatanni, millatni tanish, anglash uchun ham ilm zarur. Ilmsizlik mustaqillikni xavf ostida qoldiradi. Men ilm dunyoviy va diniy ilmga ajratilishiga mutlaqo qarshiman. Bir butun ilm ajralmas, bo‘linmas ilm deb qaralishi kerak.
Har qanday ilm odami qadrlanishi, e’zozlanishi shart. Olimi xo‘rlangan, ilm ahli oyoqosti qilingan millat hech qachon ro‘shnolik ko‘rmaydi. Ilmsiz taraqqiyotga ham, tinchlikka ham erishib bo‘lmaydi.
Ma’rifatli jamiyat qurish orzusi hamma vaqt bo‘lgan. Insoniyat ilmsizlikning nima ekanligini allaqachon tushunib yetgan. Mening nazarimda, vatanparvarlikning o‘zi ham ilm. Ilm bo‘lganda ham, ulug‘vor ilm. Hatto mustabid tuzum yillarida ham vatanparvarlar bo‘lgan, millatparvarlar bo‘lgan. To‘g‘ri, qattol tuzum ularni mahv etgan. Ibrohim Mo‘minov, Hamid Sulaymon, Hodi Zarif kabi buyuklarimizni afsus nadomat, alam-iztiroblar bilan eslaymiz. Ular boshida qilich turganiga qaramasdan, millatimizning, Vatanimizning ulug‘vorligini ko‘rsatishgan.
Boshingni ko‘tar, bolam!
Bosqinchilar, birinchi navbatda, xalqni bilimsiz, savodsiz qilishga intilishgan. Madrasalarni, masjidlarni vayron etgan. Qo‘lyozmalarni yoqqan. Olimlarni, ilm ahlini dorga osgan.
Tarixni ko‘mgan. Ilmsiz, tarixsiz, kitobsiz, olimsiz qolgan millatni esa boshqarish oson kechgan.
Bosqinchilar hamma vaqt tarixdan qo‘rqqan. Tarixni soxtalashtirishga intilgan. Millat yoshlarini tarixdan nafratlanishga undagan. Bosqinchilarga vatanparvarlar kerak emas edi. Ular oson boshqarish uchun millat tarixini chirkin tasvirlardi. Eng dahshatlisi, butun bir avlodlar yolg‘on mafkura qurboniga aylanishdi. Dinu diyonatdan uzoqlashgan millatning ertasi, hayotda yashashdan maqsadi bo‘lmaydi.
Bolalarimizga biz, avvalo, buyuk millat ekanligimizni anglatishimiz, ularning ongidan qullik qarashlarini yo‘qotishga intilishimiz zarur.
Bo‘g‘zimda bir nido bor: boshingni ko‘tar, bolam! Sening qoningda Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Zamaxshariy, Xorazmiy, Termiziy, Nasafiy, Moturidiy, Marg‘inoniy qoni bor. Sen ularning qonuniy vorisisan, merosxo‘risan. Qachonki boshingni baland ko‘tarsang, bobolaring kabi dunyoni zabt etasan. Ilm olishga intil. Ayniqsa, zamonaviy ilmlarni o‘rgan. Til bil, taraqqiyotga intil. Eng asosiysi, vatanparvar bo‘l, millatparvar bo‘l.
Kechikkan Nobel mukofoti
Mening do‘stim, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar suhbatlarimizdan birida quyidagi fikrni aytgan edi. Nobel mukofoti XX asr boshida ta’sis etilgan. Agar Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek davrida ham shunday mukofot bo‘lganida edi, o‘zbek xalqi Nobel mukofoti olganlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turardi.
Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q.
Mening nazarimda, o‘zbek xalqi kabi boy tarixga, boy madaniy merosga, ulug‘ ajdodlarga ega bo‘lgan xalqlar dunyoda juda kam. Alam qiladigani biz bir asrdan ko‘proq vaqt davomida mana shu ulug‘ xazinadan uzib qo‘yildik. Kimlarning avlodi ekanligimizni unutdik. Qonimizdagi vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ulari majburiy sug‘urib olindi. Qattol tuzum zo‘r berib bizni o‘zligimizdan, ildizlarimizdan, qadriyatlarimizdan uzoqlashtirdi. Qullikning hamma usullarini joriy etdi. Millat muallaq qoldi. Hamma suyanch va tayanch olib tashlandi.
Alamlisi, biz hali-hamon o‘zligimizni topolganimiz yo‘q. Bizda vatanparvarlik, millatparvarlik hissi yetishmaydi.
O‘zligini izlayotgan millat
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” maqolasida ko‘tarilgan g‘oya va fikrlarni aslida millat alami degim keladi. Bu maqola mening vujudimdagi alamlarni, afsus- nadomatlarni yuzaga chiqardi.
Bugun millatning har bir ziyolisi mana shu maqsad yo‘lida birlashishi kerak. Bu alamdan qutulish choralarini izlashimiz, topishimiz zarur.
Bu alam bizning vujudimizda bir asrdan ziyodroq vaqt davomida yashab kelmoqda. Bu alam ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda.
Bu alam qalb-qalbimizga botib ketgan, uni uzib tashlash vaqti allaqachon kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu yo‘lda barchamizga ibrat. Davlatimiz rahbari mana shu alam- iztiroblarni yo‘qotish yo‘lida tinimsiz kurashmoqda.
Yangi O‘zbekistonda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi millatning boshini baland ko‘tarishi uchun asos, hujjat bo‘ladi. Millatning tafakkuridan qullikni butunlay bartaraf etadi. Millatni o‘zligiga qaytaradi. O‘zlikni anglash imkonini beradi.
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov maqolasida ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining asl o‘zagi ham shu.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 20-sentyabr sonidan olindi