To‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish qatʼiy nazoratga olinadi


628     24.09.2025

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrdagi 589-sonli qarorida “Oqilona isteʼmol” dasturi doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qatʼiy nazoratga olinishi belgilandi.

Chunki bugun hech kimga sir emas, so‘nggi vaqtlarda to‘ylar asl mazmunini yo‘qotib, ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik, oilalarning iqtisodiy yuki og‘irlashishi va hatto qarzdorlikka tushib qolish holatlari singari ayrim salbiy holatlarni keltirib chiqarmoqda.

Jamiyatimizdagi har bir faol inson bunday salbiy holatlarga befarq bo‘lmasligi kerak. Chunki oilaning iqtisodiy barqarorligi jamiyatning barqarorligidir. Isrofgarchilik va dabdaba nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning imkoniyatlarini samarasiz sarflash hisoblanadi. Shuning uchun ham to‘ylarni ixcham, maʼnaviy jihatdan mazmunli, tejamkor tarzda o‘tkazish bugungi kunning katta talabiga aylanmoqda.

Darhaqiqat, ortiqcha xarajatlar yosh oilalarni moliyaviy jihatdan qiynalishiga sabab bo‘ladi. Masalan, ko‘p hollarda yoshlar yoki ularning ota-onalari katta qarz bilan to‘y boshlab, uni marosimdan keyin uzoq yillar to‘lashga majbur bo‘ladi. Bu esa oiladagi barqarorlikka ham salbiy taʼsir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

To‘ylarni tejamkor o‘tkazish bugun nafaqat iqtisodiy zarurat, balki maʼnaviy madaniyatning ham ko‘rsatkichiga aylanmoqda. Ixcham to‘ylarda asosiy eʼtibor maʼnaviy qadriyatlarga qaratilsa, yoshlar uchun muhim bo‘lgan maslahatlar, duo va nasihatlar ustuvor bo‘ladi. Bu esa oilaning kelajakda mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shu boisdan, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari ham bu masalada faol bo‘lishi zarur. Masalan, to‘ylar uchun tavsiya etilgan meʼyorlar, sarf-xarajatni qisqartirish bo‘yicha maslahatlar berish, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali ijobiy natijaga erishish mumkin.

Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonparvarlik va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan. Shunday ekan, to‘ylarni ixcham va mazmunli o‘tkazish masalasi ham bu siyosatning uzviy davomidir. Bu borada deputatlar, mahalliy Kengashlar, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari birgalikda ish olib borishi muhimdir. To‘ylarda tejamkorlikni targ‘ib qilish orqali nafaqat yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, balki xalqimizga xos qadriyatlarni asrab-avaylaymiz, maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtiramiz.

 

Baxtiyar OTELBAYEV,
Xalq deputatlari Qo‘ng‘irot tuman Kengashi deputati