Tinchlik-totuvlik bo‘lgan joydagina taraqqiyot bo‘ladi


1053     25.09.2025

Tarixdan ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti insoniyat uchun juda katta fojia bo‘lgan Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil topgan o‘xshashi yo‘q yirik tuzilma hisoblanadi.

Albatta, BMT uzoq yillar o‘z vazifasini ko‘p jihatlarda bajardi. Lekin so‘nggi yillarda yirik davlatlar o‘rtasida keskinlashib borayotgan raqobat, iqtisodiy manfaatlar uchun barcha narsaga tayyor bo‘lish ortidan paydo bo‘lgan adolatsizlik afsuski, insoniyatni chuqur xavotirga solmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti BMT yuksak minbaridan turib, yana bir bor kuch adolatda ekani, insonlarning tinch-totuv, farovon yashashishi uchun avvalo tinchlikning zarur ekani, agar bu ne’mat bo‘lmasa halovat ham, iqtisodiy taraqqiyot ham bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari xalqaro maydonlarda doimo ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib keladi. Bu nafaqat BMT minbarida, balki Shanxay hamkorlik tashkilotining yaqinda bo‘lib o‘tgan sammitidagi ma’ruzasida ham ushbu tuzilma mintaqada tinchlik va totuvlik, farovonlikni birgalikda ta’minlash maqsadida tashkil etilganiga urg‘u berildi.

Yana bir e’tiborli jihat: xalqaro bironta tadbir yo‘qki, Prezidentimiz Afg‘onistonda tinchlik-totuvlikni ta’minlash, jafokash afg‘on xalqining yaxshi, farovon yashashga haqqi borligi masalasini ko‘tarmagan bo‘lsa.

Chunki O‘zbekiston rahbari bugun dunyoda yuz berayotgan barcha ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan, o‘zaro muzokaralar va manfaatlarni birdek hurmat qilish orqaligina yechish kerakligiga nafaqat urg‘u bermoqda, balki uning namunasini ham ko‘rsatyapti.

Barchamizga ma’lumki, Markaziy Osiyo mintaqasi bir necha yillar oldin keskin munosabatlar maydoniga aylangan edi. Aynan Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakati va tashabbuslari bilan bir-birga qo‘shni, qardosh bo‘lgan davlatlar o‘rtasida bugun ishonchli hamkorlik, tinchlik va totuvlik qaror topdi. Bu nafaqat mintaqa davlatlari, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida bu masalaga ham urg‘u berib, Markaziy Osiyoning bugun tinchlik va totuvlik mintaqasiga aylangani bu – davlatlar o‘rtasida qaror topgan o‘zaro ishonch bilan bog‘liqligini namuna sifatida keltirdi. Bugun dunyoda yetishmayotgan eng katta masala ham aslida o‘zaro ishonchdir.

Yirik kuch markazlari, iqtisodiy rivojlangan davlatlarning ko‘pchiligi endi oyoqqa turayotgan mamlakatlarga ko‘mak berishi uchun talablar qo‘yishi va ularni iqisodiy manfaat bo‘lmagan munosabatlarga majburlashi, albatta, adolatsizlik.

Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida aynan ushbu muammolarni e’tirof etgan holda BMT bugungi kunda isloh qilinishi zarurligini ta’kidladi. Tashkilot dunyoda adolat mezonini ta’minlash uchun eng muhim tarozi ekanini hisobga olsak, BMT bugun yangi davr chaqiriqlariga munosib javob bera olmayotganini ko‘ryapmiz. Rossiya-Ukraina inqirozi yoki G‘azoda bo‘layotgan fojiali voqealar tashkilotga o‘z vazifalarini bajarishi uchun nimalardir yetishmayotganini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston rahbari Xavfsizlik kengashini kengaytirish taklifini bildirib, tashkilot xalqaro muammolarni yechishi uchun yagona platforma ekaniga alohida urg‘u berdi.

Albatta, xalqaro muammolarni hal etish o‘z yo‘liga, lekin namuna ko‘rsata olish nuqtayi nazaridan O‘zbekistonda e’tirof etiladigan jihatlar ko‘p. Jumladan, yaqinda Namanganda kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ko‘plab nufuzli ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6 foizga tushirilgani bu – iqtisodiy islohotlar natijasi, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar xalq farovonligiga qaratilgani bilan bog‘liqligi alohida namuna sifatida ko‘rsatildi.

Bugun dunyoda barcha xalqlar, davlatlar to‘kin yashayotgani yo‘q. Insoniyatning kun ko‘rish degan og‘ir muammolari bo‘lgan bir paytda yirik kuch markazlari odamlarning farovonligini ko‘tarish o‘rniga qurollanishga undayotgani yoki adolatsiz munosabatlar, o‘z manfaatlari nuqtayi nazaridan boshqa davlatlar manfaatlariga ko‘z yumish kabi holatlar afsuski, ko‘p uchrayapti.

O‘zbekiston rahbari BMT yuqori minbaridan turib, nafaqat o‘z mintaqasida bunday masalalarni hal etgan, balki davlatchilik tajribasida yechimlarni bilgan bir davlat rahbari sifatida butun dunyoga yana bir bor tinchlik-totuvlik bo‘lgan joydagina taraqqiyot bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbus va takliflar bugun nafaqat O‘zbekiston, mintaqamiz uchun, balki ishonchsizlik inqirozi bilan yashayotgan butun dunyo uchun ham muhim tashabbuslar sifatida qabul qilinishi kerak.

 

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari