665 25.09.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi. Bu — davlatimiz rahbarining 2017-yildan buyon BMT bosh minbarida beshinchi marta nutq so‘zlashi. Ayni voqea O‘zbekiston so‘nggi 8 yilda BMTning eng faol aʼzolaridan biriga aylangani va u bilan hamkorligimiz mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilganini yaqqol tasdiqlaydi.
Yangi davr: BMT kelajagiga yangicha yondashuv zarurati
Joriy yil O‘zbekistonning BMTga aʼzoligiga 33 yil, ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga asos solinganiga esa roppa-rosa 80 yil bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin bunday halokatli qirg‘inbarotlarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik uchun tuzilgan va hozir 193 davlatni birlashtirgan tashkilot insoniyatning ulkan yutug‘i bo‘lganini orada o‘tgan sakson yillik murakkab va masʼuliyatli davr yaqqol tasdiqlab turibdi.
Bu haqda BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti 80 yilligiga bag‘ishlangan tan-tanali majlisida alohida so‘z yuritildi. Binobarin, bundan 80 yil oldin insoniyatning bitta avlodi boshiga ikkita jahon urushi azobini tortish qismati tushdi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushida ko‘plab mamlakatlar vayronaga aylandi, 70 milliondan ortiq inson qurbon bo‘ldi.
Shu maʼnoda, aslida ham, 1945-yil 26-iyunda BMT nizomi imzolangani shunchaki rasmiyatchilik emas, balki insoniyat urushning o‘sha qora kunlaridan saboq chiqarganining tom maʼnodagi tasdig‘i bo‘ldi.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanuvchi diplomatiya sohasida, birinchidan, hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama diplomatiya, ikkinchidan, mintaqamizdagi qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy diplomatiya, uchinchidan, asosiy xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama diplomatiya doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarib kelmoqda.
BMTning teng huquqli va to‘laqonli aʼzo-si sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘p tomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz rioya etishini ko‘rsatmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot va harakatlar, butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda.
Bundan 32 yil ilgari — 1993-yil 24-oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochilgani O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlar tarixida burilish nuqtasiga aylandi. Natijada BMT tizimidagi 25 ta agentlik va jamg‘arma, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, YUNESKO, JSST va boshqa tashkilotlar bugun mamlakatimizda faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonamiz Vena shahridagi (Avstriya) BMT bo‘limida faoliyat yuritadi.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tayotgani, bu, o‘z navbatida, mazkur xalqaro tashkilot faoliyati va kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganiga eʼtibor qaratdi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, hozir dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda.
Shu maʼnoda, O‘zbekiston BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun tashkilotni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuksak baholaydi.
BMT Bosh kotibi 2025-yil martda “BMT — 80” tashabbusi bilan chiqdi. Ayni tashabbus tashkilot faoliyatini tubdan o‘zgartirish — samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta ko‘rib chiqish va BMT tizimidagi ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilgan.
O‘ZBEKISTON “BMT — 80” TASHABBUSINI QO‘LLAB-QUVVATLAYDI
Yangi O‘zbekiston Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Bu borada “BMT — 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, Kelajak uchun paktga qatʼiy sodiqligimizni tasdiqlaymiz. Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz”.
So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik bemisl darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida tashkilotning asosiy tuzilma va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Toshkentda “BMT — Ayollar” tuzilmasi vakolat-xonasi ochildi.
BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq tarixiy yutuqlarga erishildi. 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2024-yilgacha 80 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamini qamrab olish va inson qadr-qimmatini tom maʼnoda hurmat qilishga qaratilganini yaqqol namoyon etadi.
Bugun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni ro‘yobga chiqarish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda innovatsion yechimlarni joriy etish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimiz BRMning Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or besh davlat qa-toriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning yangi besh yillik dasturini imzolash kutilmoqda. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Ustuvor maqsadimiz — mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”.
BMT: YANGI O‘ZBEKISTONNING TASHABBUSLARI
O‘zbekiston Prezidenti bunga qadar — 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020 yilda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, 2021-yilda Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida va 2023-yilda 78-sessiyada nutq so‘zlagan. Ushbu sessiyalarda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, taʼlim, maʼnaviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi 40 dan ortiq xalqaro tashabbusini ilgari surdi.
Eʼtibor bering: Prezidentimiz bundan 5 yil oldin BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Bosh Assambleya tarixida ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bun-dan sakkiz yil oldin esa davlatimiz rahbarining BMT bosh minbaridagi dastlabki nutqida buyuk alloma ajdodimiz Imom Buxoriy hazratlarining muborak nomi xalqaro hamjamiyatning ushbu nufuzli anjumanida tarixda birinchi bor baralla yangragandi.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida uning maqsad va vakolatlariga qatʼiy rioya etadi. O‘zbekiston o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, Bosh Assambleyaning 80-yubiley sessiyasida ham tashkilot faoliyatining turli sohalariga doir o‘ta muhim va dolzarb yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan:
— birinchi tashabbus — pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini o‘tkazish;
— ikkinchi tashabbus — mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlash maqsad qilinganidan kelib chiqib, mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish;
— uchinchi tashabbus — EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish;
to‘rtinchi tashabbus — YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish;
— beshinchi tashabbus — mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlar qabul qilish;
— oltinchi tashabbus — BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish;
— yettinchi tashabbus — Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish;
— sakkizinchi tashabbus — BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish;
— to‘qqizinchi tashabbus — Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish;
— o‘ninchi tashabbus — xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish borasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish;
— o‘n birinchi tashabbus — ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi — iqlim migratsiyasi kuchayib borayotgan sharoitda ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini hisobga olib, bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish;
— o‘n ikkinchi tashabbus — sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qara-tilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish;
— o‘n uchinchi tashabbus — “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.
KO‘P TOMONLAMA DIPLOMATIYA TARIXIDA YANGI SAHIFA
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va BMT munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi. Keyingi yillarda bu boradagi saʼy-harakatlarimizning xalqaro eʼtirofi O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilinganida namoyon bo‘ldi.
Jumladan, qisqa muddatda “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik”, “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish” rezolyutsiyalari qabul qilingani fikrimizni tasdiqlaydi. 2025-yilning o‘zida mamlakatimiz Bosh Assambleyaning 79-sessiyasi davomida qabul qilingan 3 ta rezolyutsiyaning tashabbuskori va hammuallifi bo‘ldi.
Yangi O‘zbekiston faol ravishda BMTning organlariga o‘z nomzodini ilgari surmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimiz:
— BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (2021-2023);
— YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi (2022-2026);
— Iqtisodiy va ijtimoiy kengashning Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi (2025-2027);
— Xalqaro mehnat tashkilotining maʼmuriy kengashi (2024-2027);
— BMT Inson huquqlari qo‘mitasi (2025-2028);
— BMT Statistika komissiyasi (2026-2029) tarkibiga saylandi.
Toshkentning uzoq muddatli maqsadi 2035-2036 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga muvaqqat aʼzo sifatida saylanishdir.
Mamlakatimiz BMT va qator ixtisoslash-tirilgan muassasalari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Fan, taʼlim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqa xalqaro tashkilotlar ishida faol ishtirok etmoqda.
Turli yillarda O‘zbekistonga BMTning 3 nafar Bosh kotibi — Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017-yili — amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan. Shuningdek, BMTning 2 Bosh komissari — 2017-yilda inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Zayd al-Husayn va 2023-yilda inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Folker Tyurk mamlakatimizga tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim.
O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlik borasida ham sezilarli yutuqlarga erishdi. Mamlakatimizga BMTning maxsus 4 maʼruzachisi, jumladan, 2019-yil sentyabrda BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan, 2021-yil sentyabrda BMTning din va eʼtiqod erkinligi bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid, 2021-yil dekabrda BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala ni Aolayn, 2024-yil avgustda BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Balakrishnan Radjagopal tashrif buyurgan.
BMT bilan hamkorlikda yurtimizda bir qancha xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Bu, ayniqsa, g‘oyat katta ahamiyatga ega tashabbus bo‘ldi. Chunki mintaqamizda tubdan yangi geosiyosiy muhit qaror topishini bosh-lab berdi. Natijada chegara, suv va hokazo omillar bilan bog‘liq muammolar tezda ijobiy yechim topdi.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi tasdiqlandi. Unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan.
Joriy yilda jahon hamjamiyati BMT tashkil topganining 80 yilligini, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma — Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 60 yilligini, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotning gender mezonini boshlab bergan Ayollarga nisbatan Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30 yilligini nishonlamoqda. Mamlakatimizda ushbu sanalar bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va taʼlim muassasalarini jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.
INSON HUQUQLARI VA QADR-QIMMATI YO‘LIDA HAMKORLIK
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida inson huquqlari bo‘yicha mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilishga doir islohotlar markaziy o‘rin egallaydi. Binobarin, O‘zbekiston “BMTning inson manfaatlari yo‘lida saʼy-harakatga daʼvati”ni qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasiga BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng inson huquqlariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq xalqaro hujjatdan 80 dan ziyodini ratifikatsiya qildi. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga 2 ta fakultativ protokol, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, mazkur konvensiyaga 2 ta fakultativ protokol, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa xalqaro hujjatlar shular jumlasidan.
Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiya va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda, “Inson shaʼni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 50 dan ortiq milliy maʼruza o‘z vaqtida taqdim etilishi taʼminlandi.
Inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy taʼlim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlimga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim milliy dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim tadbir: 2024-yil iyunda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi forum “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida 2018-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani taʼkidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini amalga oshirmoqda. Bular, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish; ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari; Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish; terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir.
O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida bunday samarali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotgani bejiz emas. Zero, bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, inson huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yo‘lida aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va masʼuliyati juda muhim.
Prezidentimiz BMT minbaridagi nutqi yakunida eʼtirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”.
Akmal SAIDOV,
BMT Inson huquqlari qo‘mitasining aʼzosi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 25-sentyabr sonidan olindi