639 25.09.2025
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi o‘z nutqida O‘zbekistonning tashqi siyosati va global tashabbuslarini yana bir bor namoyon etdi. Xususan, xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari global xavfsizlik masalasida Ukraina, G‘azo va Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizm tahdidi, iqlim o‘zgarishining oqibatlariga alohida urg‘u berdi. Jumladan, Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi hamda bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhim ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgani qayd etildi. Xususan, bugungi kunda mamlakatimizning Afg‘oniston bilan savdo hajmi yillik 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Termizdagi xalqaro logistika, savdo markazi gumanitar va iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda, Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotgani, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzilgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, Prezidentimiz mazkur Kengashni muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladigan tuzilmaga, ya’ni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklifini bildirdi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz Markaziy Osiyoda hamkorlik so‘nggi 8 yilda yangi bosqichga ko‘tarilganligini, mintaqani tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga erishilganini yuksak mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Xususan, 2016–2025-yillar mobaynida mintaqadagi o‘zaro savdo hajmi 5 barobarga o‘sdi. Mintaqada yirik infratuzilma loyihalari, jumladan “CASA-1000” energetika tarmog‘i, “Turkmaniston–O‘zbekiston–Qozog‘iston–Xitoy” gaz quvuri va Transafg‘on temir yo‘li kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Chegara masalalari o‘z yechimini topdi. Xususan, O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegarasining 99 foiz qismi delimitatsiya qilindi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lidagi samarali mexanizmga aylangani ham umumiy yutuq sifatida e’tirof etildi.
Umuman olganda, O‘zbekiston yetakchisi jahonning yuksak minbaridagi navbatdagi nutqida “Yangi O‘zbekiston – yangi Markaziy Osiyo – global hamkorlik” konsepsiyasini bayon etdi.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati