O‘zbekiston dunyoni ochiq muloqot va sheriklikka chorlamoqda


756     26.09.2025

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida dunyo davlatlarini o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirgani bejiz emas. Chunki so‘nggi yillarda shiddat bilan o‘zgarayotgan global dunyo xavfsiligi tahdid ostida qolmoqda. Bu nafaqat nufuzli xalqaro tashkilot, balki barcha davlatlardan yangicha yondashuvlar bilan siyosat yuritishga undayapti.

O‘zbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi. Sababi, bugungi eng og‘ir va o‘tkir global masalalar aynan ushbu tashkilot saʼy-harakati asosida murosa yo‘li bilan hal etilishi maqsadga muvofiqdir. 

Davlatimiz rahbari BMT minbarida taʼkidlaganlaridek, geosiyosiy nizolarni hal qilishning eng maʼqul yo‘li o‘zaro munosabatlarda tenglik, bir-birini hurmat qilish prinsiplariga qatʼiy amal qilishdir. Shu bilan birga xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash ham bu yo‘ldagi samarali harakatlar hisoblanadi.  

Zero, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tashi lozim. Aslida tashkilotni tuzishdan maqsad ham shu edi.

 

Go‘zal Samiyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati