659 26.09.2025
Prezidentimizning BMt Bosh assambleyasi 80-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqi mamlakatimizdagi islohotlarning tadrijiyligi, yangi jamiyat barpo etish yo‘lidagi qadamlarimizning uzviyligi va ochiqlik siyosati bilan xalqaro maydonga dadil kirib borayotganimizdan dalolat.
Albatta, har qanday ezgu maqsad va g‘oyalarning poydevori, tag zamini bo‘ladi. Bugun O‘zbekiston jahon sahnasida o‘z so‘zini baralla aytayotgani, dunyoning yirik davlatlari rahbarlari, siyosatchilari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari eʼtirofini qozonayotgani davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi va yetakchilik fazilati ifodasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlaganidayoq davlat va jamiyatning barcha sohalarini tanqidiy ko‘rib chiqib, real holatni hisobga olgan holda tubdan isloh qilish tashabbusini ilgari surgan edi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan rivojlantirish borasida mashaqqatli va sharafli yo‘l bosib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari nutqida bunday dedi: “So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Bunga, avvalo, taʼlim va ilm-fan sohasini o‘zgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali erishmoqdamiz”.
Siyosatchi va amaliyotchi sifatidagi kuzatuvlarim dalolat beradiki, O‘zbekiston bugun o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolgan, qaysidir davlatlarning tor manfaatlari yoki siyosiy ambitsiyalariga tayanib ish tutadigan davlat emas. Mamlakatimizning xalqimiz ishonchini qozongan, uzoqni ko‘ra oladigan dono siyosatchisi, dunyo tan olayotgan yetakchisi bor. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bmt minbarida ilgari surgan ko‘plab muhim tashabbuslari hamda AQSHda o‘tkazgan uchrashuvlari ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. O‘zbekistonda Jahon professional taʼlim sammitini va Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish, sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini yaratish, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.
Yigirma yildan ko‘proq respublika yoshlar tashkilotlarida masʼul lavozimlarda ishlagan inson sifatida meni dunyo yigit-qizlarining tinchlik yo‘lidagi intilishlarini birlashtirish g‘oyasi, ayniqsa, quvontirdi. Negaki O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosati borasida ulkan ishlar qilindi. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi va “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etildi. “Yoshlar daftari” joriy qilindi.
So‘nggi 7-8 yilda yoshlarimizning oliy taʼlim bilan qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetdi. Ochig‘i, bu boradagi qilingan ishlarni sanab tugatish qiyin.
Yana bir muhim jihat, 2017-yilning 30-iyuni yurtimiz yoshlari xotirasida misli ko‘rilmagan kun sifatida abadiy muhrlanib qoladi. Shu kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta davlatimiz rahbari minglab yoshlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilib, ushbu sanani yurtimizda Yoshlar kuni sifatida nishonlash taklifini ilgari surgandi. Yoshlarning dardu tashvishlari, orzu-intilishlari, maqsad va rejalarini zalda turib bevosita tingladi. Uzoqqa mo‘ljallangan yoshlar dasturini bayon qildi.
Prezident va yoshlar muloqoti o‘shandan buyon mamlakatimizda anʼanaga aylandi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston yoshlar bilan ishlash borasida jahonda boshqalarga namuna bo‘ladigan katta tajriba to‘pladi. Shu maʼnoda, bunday tashabbusning ilgari surilishi g‘oyatda o‘rinlidir.
Oddiy bir o‘zbek farzandi sifatida g‘ururimga g‘urur qo‘shgan, qalbimga faxr-iftixor baxsh etgan voqea, albatta, Prezidentimizning ona tilimizda nutq so‘zlagani bo‘ldi. Biz minbarda nafaqat katta siyosatchi va rahbarni, balki xalqini, millatini, ona tilini sevadigan katta qalb egasini ham ko‘rdik.
Mamlakatimiz yetakchisining ushbu pozitsiyasi, shubhasiz, o‘zbek tilining xalqaro darajadagi maqomini ko‘tarishga ulkan hissa qo‘shdi, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarda o‘z ovozi va o‘rni borligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Qahramon QURONBOYEV,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 26-sentyabr sonidan olindi