O‘zbekiston va BMT: hamkorlik va barqaror rivojlanish maqsadlari sari dadil qadamlar


567     26.09.2025

O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda uning tuzilmalari bilan hamkorligi uzoq muddatli, strategik va keng qamrovliligi bilan alohida ahamiyatga egadir.

So‘nggi yillarda mazkur hamkorlik respublikamizning ko‘p tomonlama diplomatiyasi namunasi o‘laroq, global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalariga qaratilib, sezilarli darajada jadallashdi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining sessiyalaridagi ishtiroki va ular doirasida ilgari surayotgan mintaqaviy va global ahamiyatga ega tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekistonda BMT bilan sheriklikda 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilda esa, besh yilga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturining imzolanishi kutilmoqda. 

2017-yildan buyon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi sifatida qabul qilindi. Jumladan, “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida” (2018-yil), “Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida” (2021-yil), “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida” (2022-yil), “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: Barqaror rivojlanish va farovonlik uchun mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” (2023-yil), “O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi” (2025-yil) kabi qator rezolyutsiyalar alohida ahamiyatga ega. 

Mazkur hujjatlar o‘z ichiga mintaqaviy hamkorlik, ekologik barqarorlikdan tortib, turizm hamda inson farovonligi va rivojlanish indeksigacha bo‘lgan muhim masalalarni qamrab olgan. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sherikli BMT Trast jamg‘armasining tashkil etilganligi ham muhim voqelik bo‘ldi.

Faol va tashabbuskorligi natijasida O‘zbekiston keyingi yillarda BMTning muhim tuzilmalari – Inson huquqlari kengashi, EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita, Statistika komissiyasi kabilarga a’zo etib saylandi. Ta’kidlash joizki, joriy yilning 30 oktyabr – 13 noyabr kunlari Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ilk bor O‘zbekiston Prezidenti sifatida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan edi, 2020-yilning 22-sentyabr kuni esa BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Bosh Assambleya tarixida birinchi marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z chiqishida xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini hamda O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘unligini e’tirof etgani holda, mamlakatimiz global tahdidlarga qaramasdan barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Yangi tashabbuslar...

Kuni kecha davlatimiz rahbari Nyu-York shahridagi BMTning bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi.

Jumladan, Prezident O‘zbekistondagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati olib borilayotganligini e’tirof etdi.

O‘z o‘rnida O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat’iy intilayotganini bildirib, Prezident O‘zbekiston 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘z natijasini bermoqda hamda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari va uning asosida qabul qilingan milliy maqsadlariga yuqori sur’atlarda erishib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash kerakki, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, ekologiya va atrof-muhit himoyasi, inson kapitalini rivojlantirish kabi qator muhim sohalardagi masalalarga qaratilgan.

O‘z o‘rnida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratilib, milliy xususiyatlardan kelib chiqqan holda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning butkul yangi mexanizmi joriy etildi. Uning doirasida esa, ortga qaytmas va keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida inson kapitalini rivojlantirish, aholining turmushi farovonligini oshirish, kambag‘allikka barham berish, ijtimoiy adolatni ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, raqobatbardosh iqtisodiyotni qurish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali hamda oqilona foydalanish choralari ham nazarda tutilgan.

Strategiya doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar salmoqli natijalarni bermoqda. Jumladan, iqtisodiy o‘sish sur’atlari yillik o‘rtacha 6 foizdan yuqorini tashkil etib, yalpi ichki mahsulot keyingi sakkiz yilda 2 karra oshib, 115 milliard dollarga yetdi va kishi boshiga 3 ming dollardan ortiqni tashkil etmoqda.

Qolaversa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2015-yildagi 35,9 foizdan joriy yilda 6,6 foizgacha pasaydi. “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish jarayoni ham tezlashdi: hozirda jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetdi. 2030-yilgacha esa yana 35 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobidan “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya va inson kapitali rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga oshdi, ma’lumki, oliy o‘quv yurtlari talabalarining yarmidan ko‘pini (52,4 foiz) xotin-qizlar tashkil etmoqda. Oliy o‘quv muassasalari soni esa so‘nggi yillarda 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. 

Agar 2018-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 9,4 milliard so‘m sarf etilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3,5 barobarga oshib, 33,4 milliard so‘mni tashkil etdi.

Aholining turmush sharoiti yaxshilanib borayotgani natijasida o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan joriy yilda 75,1 yoshga uzaydi.

Umuman olgangda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bir-biri bilan maqsadlar uyg‘unligi, inson omilining diqqat markazida ekanligi, ijtimoiy yo‘naltirilganligi, iqtisodiy barqarorlik, ekologik uyg‘unlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan 10 dan ortiq taklif va tashabbuslar ham BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq.

Xususan, pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish, bugungi tahdidlarga to‘la dunyoda global transport tizimining zaifligi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini hisobga olib, Xalqaro tranzit yo‘laklarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish kabi qator takliflar ilgari surildi.

O‘zbekiston Prezidenti tobora jiddiy tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtaldi va iqlim migratsiyasi masalasida keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish muhim ahamiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratdi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasidagi ishtiroki muhim voqealik bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning ortga qaytmas demokratik islohotlarga va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsad va vazifalari hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda sodiqligini namoyon etdi. 

Prezidentimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishi, nafaqat Yangi O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror va inklyuziv rivojlanish, mintaqaviy hamda global barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori.
O‘zA