204 14.08.2024
SI - sun’iy intellekt ildizi XX asrning 60-70 yillariga borib taqalsa-da, uning rivoji oxirgi o‘n yilda yaqqolroq ko‘zga tashlandi. Jumladan, sun’iy intellektdan sog‘liqni saqlash, energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, mashinasozlik sohasi hamda sanoat va san’atning turli yo‘nalishlarida samarali foydalanilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI)ga ushbu atama muallifi Jon Makkarti “odamga o‘xshash aqlli mashinalar, ayniqsa, aqlli kompyuter dasturlarini yaratish fanlari va muhandisligi” deya ta’rif bergan. SI chindan ham bu gadjetlarga turli xil ilg‘or funksiyalarni kiritish orqali, jumladan, og‘zaki va yozma tilda ma’lumot berish, tushunish, tarjima qilish, ma’lumotlarni tahlil qilish va tavsiya berish imkonini beruvchi texnologiyalar majmua-si hisoblanadi. Ko‘rinadiki, robotlar faqat inson harakatlarini takrorlaydigan, odamga xos turli yumushlarni bajara oladigan qurilmagina emas. Ularga Coogle-tarjimon, lug‘atlar, turli testlar, o‘yinlar ham kiradi.
Sun’iy intellekt haqidagi bahs-munozaralar qariyb 50 yildan beri davom etayotganiga qaramay, mutaxassislar hanuzgacha uning to‘la foydali yoki aksincha ekani
borasida aniq fikr bildirishgani yo‘q. Ba’zilar uning ommalashishi natijasida ishsizlik ko‘payadi, deb qayg‘ursa, boshqalar sun’iy intellekt yordamida ta’lim, tibbiyot, biznes va boshqa sohalarda ham vaqt, ham naqd tejaladi, deb hisoblaydi.
Bu borada ayniqsa, BAA, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Shvetsiya, Singapur, Finlyandiya, Xitoy, Italiya, Fransiya, Avstraliya, Koreya Respublikasi va Germaniya kabi davlatlar yetakchidirlar.
Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi 6 oyda 302 ta texnologiya kompaniyasi 90 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatgan. Bu esa ish o‘rinlari kamayishi haqidagi xavotirlarning asosli ekanini ko‘rsatadi, albatta. Ammo bu sun’iy intellekt faqat salbiy jihatga ega, degani emas. Masalan, bugun media dunyosining ko‘plab yo‘nalishlarida sun’iy intellekt keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, tasvir ustida ishlash, unga rang va sifat qo‘shish yoki montaj qilishda unga teng kelish qiyin. Hozirda SI orqali tarixiy shaxslarning siymosini gavdalantirish, aktyor va suxandonlarning ovozini qayta tiklab, ular orqali dublyaj va audiokitoblar yaratish oson bo‘lib qoldi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, sun’iy intellektning foydali jihatlari va zararli taraflari ham mavjud. U faqat inson tomonidan yuklangan funksiyalar asosida harakat qilishini hisobga olsak, sun’iy intellektning insoniyat va dunyo rivoji uchun xizmat qilishi yoki jamiyat hayotidagi turli muammo va inqirozlarga olib borishi aynan inson (ixtirochi) larning o‘z qo‘lida.
Dilshoda EGAMBERDIYEVA,
O‘zDJTU talabasi.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 7-avgust sonidan olindi