916 26.09.2025
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi reglamentiga muvofiq, deputatlar o‘z saylov okruglarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlar jarayonini yaqindan o‘rganib borishi nazarda tutilgan. Shu maqsadda, Namangan viloyatining Norin tumanida bo‘lib, Prezidentimizning viloyatimizga tashrifida belgilangan vazifalar ijrosi va ularning amaliy natijalarini tahlil qildik.
Avvalo “Sho‘rariq” deb atalgan mahallaning nomlanishi masalasini muhokama qildik. Prezident tashrifi chog‘ida mazkur mahallaga “Yangi Namangan” nomi berilgan bo‘lib, bugungi kunda toponimik komissiya xulosasi asosida Kadastr agentligiga rasmiy xat yo‘llangan. Agentlik javobidan so‘ng masala mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritilishi belgilangan. Demak, mazkur jarayon hududdagi aholi manfaati va huquqiy talablarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida mahallaning eski madaniyat markazi o‘rnida qurilayotgan zamonaviy, kompleks xizmat ko‘rsatuvchi majmua loyihasi bilan tanishdik. Majmuada madaniy, taʼlim va maishiy xizmatlarni qamrab olgan zamonaviy infratuzilma barpo etish rejalashtirilgan. Bu qurilish mahalla aholisi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning hayotini sifat jihatdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, aholi xonadonlarida bo‘lib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildik. Ularning kundalik turmushi, mavjud muammolar va takliflarini o‘rgandik. Yurtdoshlarimiz Prezident tashrifidan keyingi yangilanishlar va infratuzilmadagi keng qamrovli o‘zgarishlardan mamnunligini bildirdi. Bu rozilik – xalqimizning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchi, olib borilayotgan islohotlar samaradorligi va davlat idoralarining xalq manfaatlariga xizmat qilishga intilishida namoyon bo‘ldi.
Mahalliy Kengash deputatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qildik. Bu jarayonda ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mahalladagi bog‘cha va maktablar faoliyatini ham o‘rgandik. Pedagoglar bilan suhbat chog‘ida o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, berilgan imtiyozlar hamda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildik. Taʼkidlanishicha, bugungi o‘zgarishlar nafaqat taʼlim sifatini oshirish, balki o‘qituvchi kasbining nufuzini yuksaltirishga ham qaratilgan.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Prezident tashrifi esa mahalliy aholida ishonch uyg‘otib, ularni bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga ruhlantirmoqda. Natijada har bir mahalla, har bir xonadonda amaliy o‘zgarishlar namoyon bo‘lib, turmush darajasi yaxshilanyapti.
Xalq roziligi – islohotning eng muhim mezonidir. Namanganda kuzatilayotgan yangilanish va amalga oshirilayotgan ishlar islohotlarning haqiqiy samaradorligini namoyon etmoqda. Bu jarayon nafaqat mahalliy darajada, balki mamlakat miqyosidagi taraqqiyotning muhim ko‘rsatkichi sifatida katta ahamiyatga ega.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati