Yangi O‘zbekistonning ochiq, pragmatik tashqi siyosati


557     26.09.2025

Bugun hech kimga sir emas, dunyoda tobora keskinlashayotgan geosiyosiy vaziyat odamlarning tinchini ham buzdi. Ayrim mintaqalarda yuz berayotgan qarama-qarshilik, nizo va urushlar nafaqat davlatlarning iqtisodiy aloqalarini izdan chiqardi, balki gumanitar inqirozlarning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng tashkil qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy vazifasi urushlar yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik, dunyoda tinchlik, xotirjamlik va osoyishtalikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish,  barqaror taraqqiyotga erishiga ko‘maklashishdan iborat edi. Bu faoliyat yo‘nalishi o‘shanda San-Fransiskoda 51 mamlakat tomonidan tasdiqlandi ham.

Bugungi kunda BMTga 200 ga yaqin davlat aʼzo bo‘lgan va ular yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib ishlab chiqilgan xalqaro tashkilot talablarini bajarishi lozim. Lekin bugun dunyodagi notinchliklarni kuzatib, nufuzli tuzilmaga majburiyatlarni to‘la bajarish vaʼdasini berib, to‘laqonli aʼzo bo‘lgan ayrim davlatlar zimmasidagi masʼuliyatini yetarlicha his qilmayapti, degan xulosaga kelish mumkin. Xalqaro tashkilot ham ayrim jihatlarda ojizlik qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida aynan ushbu masalaga to‘xtalib, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish taklifini ilgari surdi.

Prezidentimiz ushbu taklifini izohlarkan, bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarash lozimligini taʼkidladi. Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashayotgani, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchayayotgani, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshayotganini, bularning barchasi esa mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirayotganini qayd etdi.

Davlatimiz rahbarining ushbu taklifi deyarli barcha davlatlar rahbarlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagani bejiz emas. BMT tuzilgan dastlabki yilda uning ustaviga 51 mamlakat imzo chekkan bo‘lsa, bugun ular soni 200 taga yaqinlashdi. To‘g‘ri, Xavfsizlik Kengashiga har ikki yilda navbati bilan yangi aʼzolar qabul qilinadi. Biroq ular vaqtinchalik saylanadi, veto qo‘yish huquqiga ham ega emas. Maʼlumki, kengashning doimiy besh aʼzosi bor va faqat ulargina veto qo‘ya oladi. Aynan bu omil ham global mojarolarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Taʼkidlash lozim, O‘zbekiston Prezidentining taʼlim, sog‘liqni saqlash va gender siyosati, Markaziy Osiyo xavfsizligi, jumladan, Afg‘onistonda tinchlikni saqlash, aksilterror strategiya, transport tizimi va iqlim o‘zgarishlari, suv resurslari taqchilligi va iqlim migratsiyasi, sunʼiy intellekt va yoshlar hayoti bilan bog‘liq taklif va tashabbuslari ham xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib qarshi olindi.

Zero, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bunday umumbashariy g‘oyalar nafaqat mintaqamizga, xalqaro hamjamiyatga ham birdek manfaat keltiradi. Ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borayotgan Yangi O‘zbekiston esa bu borada barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, do‘stona muloqot va teng sheriklikda hamkorlik qilishga tayyor.

 

Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati