Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi


613     26.09.2025

Bu tarixiy g‘oya BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi.

Markaziy Osiyo xalqlari qadim-qadimdan bir tanu bir jon bo‘lgan. Bu bir butunlikni dastlab mustabid tuzum parchalab tashladi. Mazkur bo‘linishlar zamirida o‘zaro nizolar keltirib chiqarish maqsadi yotardi. Ming afsuski, mintaqa respublikalari mustaqil mamlakat maqomiga ega bo‘lganidan keyin ham mavjud ahvol yaxshi tomonga o‘zgarmadi, aksincha — yomonlashdi.

Vaziyat shu darajaga borib yetgandiki, xalqaro kuzatuvchilar tez orada Markaziy Osiyoda yuz beradigan qonli nizolar haqida gapira boshlashgandi. Baʼzilari Markaziy Osiyoni porox to‘ldirilgan bochkaga o‘xshatishardi va albatta, qachondir portlashini zo‘r berib bashorat qilishardi.

Markaziy Osiyo yer, suv, chegara, temir yo‘l, avtomobil yo‘llari, elektr energiyasi taqsimoti borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Chegaralar yopilgan, hatto chegara postlariga olib boradigan yo‘llar ham buzib tashlangan, tog‘-toshlar minalashtirilgandi.

Chorak asr davomida oddiy xalqning ko‘z yoshlari daryo bo‘ldi. Ota-bola, aka-uka, opa-singil, ona-bolalar bir-biri bilan uchrasha olmadi. Mana shu alam va iztiroblar ichida armon bilan o‘tib ketganlar qancha.

Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, Markaziy Osiyoga siyosiy ishonchni qaytardi. Aslida bu oson emasdi. 25 yil davomida yo‘qotilgan ishonchning yana paydo bo‘lishini ko‘pchilik tasavvur qilolmasdi. Yolg‘on targ‘ibot, dushman izlash vasvasasi butun boshli xalqlarning ongini zaharlagandi. Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy pozitsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida butunlay yangi munosabatlar davrini boshlab berdi.

Davlatimiz rahbarining mustahkam siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda manfaatlar muvozanatiga erishildi. O‘zbekiston tomoni tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. “O‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish” eng asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Bu esa nafaqat berkitilgan eshiklarning, balki yopiq qalblarning ham ochilishiga olib keldi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan aslo orqaga qaytmasligini amalda namoyon etdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi erkin nafas ola boshladi. O‘z navbatida, “bashoratchilar” ham tinch turmadi. Ular bu vaqtinchalik ekani, mazkur mintaqada hech qachon tinchlik va hamjihatlik bo‘lmasligini zo‘r berib targ‘ib etishardi. Nega?

Chunki Shavkat Mirziyoyevga mustaqillikning dastlabki 25 yilidan juda og‘ir muammolar meros bo‘lib qolgandi. O‘zbekiston — Tojikiston, O‘zbekiston — Qirg‘iziston chegaralari to‘liq belgilanmagan, kelishuvga erishilmagan, hukumat komissiyalarining faoliyatida hech qanday siljish yo‘q edi.

Shunday bir vaziyatda O‘zbekiston rahbarining uzoqni o‘ylab olib borayotgan oqilona siyosati Markaziy Osiyo butunligi va barqarorligiga yo‘naltirildi. Prezidentimizning qo‘shni mamlakatlarga nisbatan samimiy munosabatining tarixi, qadim ildizlari bor, albatta. O‘zbekiston tomoni barcha adovatlarni unutib, yaqin tarixga emas, qadim — haqiqiy tarixga suyanishga chaqirdi.

O‘zbek xalqining “Uzoqdagi bug‘doydan yaqindagi somon yaxshi”, “Yon qo‘shning — jon qo‘shning”, “Qo‘shning tinch — sen tinch” kabi purmaʼno maqollariga tayangan Prezidentimiz avval uzoqdagilarni emas, yaqin qo‘shnilarning eshigini ochdi. Va bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Bir butun Markaziy Osiyo” g‘oyasi g‘alaba qildi deyishga bizning to‘la asoslarimiz bor.

2017-yil 20-sentyabr.
BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbaridan dunyo hamjamiyatiga qarata aytilgan bu fikrlar bugun hayotda o‘z ifodasini topganini ko‘rib turibmiz.

2017-yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolar muhokama qilingani ham fikrimiz dalilidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo xavfsizligining garovi sifatida o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik muhimligini oldindan ko‘ra olgan edi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlaridan birortasida tinchlik bo‘lmasa, bu butun mintaqadagi tinchlikka xavf soladi. Taraqqiyot esa, avvalo, tinchlikka bog‘liq. Markaziy Osiyoda 25 yil davomida anglab yetilmagan haqiqat mana shu taqlid yuzaga chiqdi.

 

2023-yil 20-sentyabr
BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev “Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!” dedi.

Markaziy Osiyoning bir butunligidan mintaqadagi davlatlarning barchasi manfaatdor. Bugun nafaqat BMT, balki Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar ham Markaziy Osiyo va uning istiqboliga ishonch bilan qaratayotganligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani tobora chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanayotgani ham bor gap, albatta.

 

2025-yil 24-sentyabr.
BMT qarorgohi...

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev “Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sherik-lik makoniga aylantirish-ga qatʼiy qaror qilgani-mizni eʼlon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, qal etilmagan baqs va ni-zolar davri tarixda qoldi”, deya alohida taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyevning Bir butun Markaziy Osiyo g‘oyasiga, kashfiyotiga tarix o‘z bahosini berishiga ishonaman. Markaziy Osiyo davlat rah-barlari Maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyo Ittifoqiga asos bo‘lishiga, tamal toshi qo‘yishiga imonim komil.

Bmt Bosh Assambleyasining yubiley anjumani — 80-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jahon diplomatiyasida yangilik bo‘lgan yana bir g‘oyani ilgari surdi — Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish. Ha, biz shu kunlarga yetib keldik. Endi oldingidek yashab bo‘lmaydi. Bir-birimizsiz na tinch yashaymiz, na rivojlanamiz, na taraqqiy etamiz.

Unutmasligimiz kerak — tariximiz ham bir, taqdirimiz ham bir. Bugun yangidan shakllanayotgan Markaziy Osiyoga ehtiyojimiz har qachongidan ham yuqori.

 

Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 26-sentyabr sonidan olindi