764 29.09.2025
BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida “Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat” mavzusida tadbir ham tashkil qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli tuzilmalar, shuningdek, 50 dan ortiq mamlakatning ushbu sohaga mas’ul rahbarlari, ekspertlar ishtirokida o‘tgan tadbirda ushbu xastalikka chalingan bolalar hayotini saqlash orqali bu kasallikka qarshi birgalikda kurashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, xastalikni erta aniqlash, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini keng joriy etish, onkologiya va gematologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, bolalar va ularning oilalariga reabilitatsiya hamda ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni kengaytirish, bu borada global hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Nyu-Yorqda o‘tgan tadbirga raislik qilgan “Zamin” fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva hozirgi vaqtda dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ziyod bola, ya’ni sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yashayotgan yoki aziyat chekayotganini ta’kidlarkan, xalqaro hamjamiyatni bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. Ayniqsa, millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda.
O‘zbekiston xalqimizning “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, degan qadriyatidan kelib chiqib, ushbu muammoni global miqyosda ko‘tarayotgani bejiz emas. Har yili dunyo bo‘ylab 400 ming nafarga yaqin bola saratonga chalinmoqda. Mutaxassislar esa agar zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati barcha davlatlarda ham birdek bo‘lsa, aksariyatining hayotini saqlab qolish mumkin.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor BMT bosh qarorgohida bunday yuksak darajada tashkil qilingan, yanada e’tiborlisi, bugun global muammoga aylangan masalada o‘tkazilgan tadbir ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilot va ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Eng rivojlangan davlatlarda saratonga chalingan bolalarning hatto 96 foizi shifo topayotgan bir paytda kam daromadli davlatlarda bu ko‘rsatkichning atigi 29 foizni tashkil qilayotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Shu bois, forum ishtirokchilar adolatli, integratsiyalashgan va mahalliy resurslarga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar saratonga chalingan bolalarning yashovchanlik ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish borasidagi qat’iy intilishlarini tasdiqladi. Shuningdek, bolalarda saraton kasalliklarini davolashdagi yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash va bu borada global tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati