Ustozni e‘zozlamoq - millatni e‘zozlamoqdir


662     30.09.2025

Har qanday taraqqiyot ildizi ilmda, maʼrifatda va tarbiyada mujassam bo‘ladi. Yuksak tafakkurli, vatanparvar, bilimdon va axloqli avlodni shakllantirish davlatning ertangi kunini kafolatlaydigan eng muhim omillardan biridir. Bu masʼuliyat esa, avvalo, fidoyi ustozlar va murabbiylar zimmasiga yuklangan.

Yurtimizda taʼlim sohasi, xususan, o‘qituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan davlat darajasidagi eʼtiborning mohiyatida mamlakat taraqqiyotini va jamiyat maʼnaviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan ulkan saʼy-harakatlar yotgani barchamizga ayon. Davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori va amaliy qo‘llab-quvvatlashi tufayli bugun ustozlik faxrli, masʼuliyatli va sharafli kasb sifatida yanada yuksak maqom kasb etmoqda.

Yangi avlod — yangi davr sohiblari

Buning yorqin misoli sifatida Prezidentimizning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrifi va u yerda o‘qituvchi hamda murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq, mazmunli uchrashuvini keltirish mumkin.

Ushbu uchrashuv nafaqat rasmiy tadbir, balki taʼlim tizimiga bo‘lgan yuksak eʼtibor, ustoz shaxsiga nisbatan chuqur hurmat va eʼtirofning amaliy ifodasi bo‘ldi. Prezidentimiz sohaning ilg‘or va fidoyi mutaxassislarini davlat mukofotlari bilan taqdirlar ekan, bu orqali sohaning barcha vakillariga yuksak hurmatini izhor qildi. Tarixiy uchrashuvda taʼlim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama etildi. Bu esa soha nafaqat moddiy, balki maʼnaviy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Samimiy muloqot davomida davlat rahbari mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tomonlaridan biri — maktabgacha taʼlim tizi-mini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Aytish joizki, islohotlarning ilk bosqichidayoq bu tizimga oid jiddiy ishlar amalga oshirila boshlandi. Bog‘chadagi tarbiyachilarning maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirilishi bu soha xodimlariga bo‘lgan ijtimoiy himoya kuchaytirilganligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz tomonidan tashkil etilayotgan har bir viloyatdagi “Yangi avlod” bog‘chalari taʼlim sohasida yangi davrning boshlanishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish va tarbiyachilarni zamonaviy bilimlar bilan boyitish uchun beqiyos imkoniyatdir. Haqiqatan ham, Prezident maktablari qanday katta natijalarga erishsa, “Yangi avlod” bog‘chalari ham sifatli o‘zgarishlarning asosiy omili bo‘lishi uchun barcha imkoniyat mavjud.

Chuqur va strategik yondashuv

Tarixiy uchrashuvda davlatimiz rahbari taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yanada chuqurlashtirilishiga qaratilgan muhim yangiliklarni ham eʼlon qildi.

Jumladan, shulardan biri — yangi o‘quv yilidan boshlab 9 va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlarining joriy etilishidir. Bu tizim o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yo‘naltirishni taʼminlaydi. Yaʼni har bir yosh o‘z salohiyatiga mos ravishda bilim olishi uchun keng imkoniyatga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, maktabdagi yakuniy imtihon natijalariga qarab yoshlarga oliygohga kirish uchun fanlar tanlovi aso-sida chuqurlashtirilgan taʼlim olish imkoniyati yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, fanlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish va malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus tizimdagi islohotlarni yanada zamonaviylashtirish, yoshlarimizning bilim va kasb tanlash erkinligini taʼminlashda muhim omil bo‘lishi, shubhasiz. Bu faqatgina yangi tizimlarni joriy qilish emas, balki xalqimiz kelajagini barpo etishga qaratilgan chuqur va strategik yondashuvdir.

Hozirgi kunda jahon iqtisodiyoti tez surʼatlarda o‘zgarmoqda, innovatsiyalar hayotimizning barcha sohalariga kirib kelmoqda. Shunday sharoitda yoshlarimizning ana shu rivojlanish bilan hamnafas bo‘lishi, ularning yetakchisiga aylanishi davlat siyosatining eng muhim maqsadlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari taʼlim tizimini takomillashtirish, o‘quvchilarga kasbiy yo‘nalishlarni to‘g‘ri tanlash imkoniyatini berish, ularni yangi kasblar va fanlar bilan tanishtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.

Prezidentimiz ilgari surgan ushbu yangiliklar, albatta, mamlakatimiz kasbiy taʼlim tizimida sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yilganini anglatadi. Ayniqsa, yaqin bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or dasturlari joriy etilishi nafaqat kasbiy taʼlim sifatini oshiradi, balki yoshlarimizning xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislarga aylanishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, sanoat sohasida 45 mlrd. dollarlik 456 ta yirik loyihaning boshlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi jadal rivojlanishni ko‘rsatadi. “Investor — tarmoq — texnikum” zanjiri orqali dual taʼlim tizimining joriy qilinishi esa nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni mukammal uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari bu yangilanishlar yosh avlodga keng imkoniyatlar yo‘lini ochishini, ularni jahon maydonida raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlashini alohida taʼkidladi. Har bir yosh o‘z qobiliyati va istaklariga mos ravishda kasb tan-lash orqali nafaqat o‘zini rivojlantirishi, balki mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi mumkin. Yoshlarning kasbiy bilim va malakalari ularning hayotida farovonlikka olib keladi, oilalar iqtisodiy jihatdan mustahkamlanadi, mahallalarda ijtimoiy muvozanat saqlanadi. Shu bilan birga, bu tashabbus milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi uchun zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda oliy taʼlim tizimiga oid fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi. So‘nggi sakkiz yilda oliy-gohlar soni 77 tadan 202 taga ko‘payib, talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetgani sohadagi tizimli islohotlarning yaqqol isboti ekanligi aytildi. Taʼkidlanganidek, professor-o‘qituvchilar maoshining salmoqli darajada oshirilishi oliygohlar tizimidagi ijodiy va ilmiy salohiyatni yanada rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Bu qadam nafaqat bilim sifati va pedagoglarning kasbiy masʼuliyatini oshiradi, balki yoshlarni ilmiy faoliyatga qiziqtirishda ham muhim ahamiyatga ega. Ayni chog‘da bunday davlat siyosati oliygohlardagi o‘quv Jarayonining sifatli va samarali bo‘lishi, talabalarning kasbiy tayyorgarligi hamda raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda taʼlim va ilmiy rivojlanishning mustahkam uyg‘unligi orqali yangi O‘zbekiston barpo etilishi mamnuniyat bilan aytildi. Ayniqsa, “ToshTech”, Bauman universiteti filiali va Olmaliq davlat texnika institutining ochilishi, shuningdek, Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qo‘yilishi bu yo‘nalishdagi yangi bosqichning boshlanishi ekani eʼtirof qilindi.

Davlat rahbari mamlakatimizdagi ulkan mineral resurslar salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Yer osti boyliklari, shu jumladan, neft-gaz qidiruv ishlarining chuqurlashtirilishi va yangi zaxiralar kashf etilishi sanoat rivojida keng imkoniyatlar ochmoqda. Ayniqsa, “To‘rtinchi sanoat inqilobi” davrida tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab jadal oshib bormoqda va bu resurslarni oddiy xomashyo sifatida emas, innovatsion mahsulotga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanganiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu jihatdan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak”.

Aniq va qatʼiy qadam

Bugungi global texnologik poygada O‘zbekistonning raqobatbardosh bo‘lishi — faqatgina ilm-fanni o‘zlashtirgan, zamonaviy tafakkur va kasbiy salohiyatga ega kadrlar orqali taʼminlanadi. Bu esa taʼlimning barcha bo‘g‘inlarida — maktabdan to texnikum va oliygohgacha kuchli islohotlar hamda aniq maqsadli yondashuvlarni talab etadi.

Shu bois davlatimiz rahbari mamlakatimiz taraqqiyotining poydevorini yaratayotgan fidoyi ustoz va murabbiylarga katta ishonch bildirib, “Bugun Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bag‘oyat ulug‘ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz — aziz ustozlar hamda isteʼdodli shogirdlaringizga tayanamiz. Ishonchim komil, sizlar bilan birga chin dildan harakat qilsak, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot moʻjizasini albatta yarata olamiz. Oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birga albatta yetamiz!” deya taʼkidladi.

Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasi va unda faoliyat yuritayotgan fidoyi ustoz hamda murabbiylarga nisbatan bildirilgan yuksak ehtirom, eʼtirof va ishonch bugungi kunda yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan maʼnaviy taraqqiyot siyosatining yorqin ifodasidir. Bunday yuksak eʼtibor va ishonch, shubhasiz, har bir ustoz va murabbiyni yanada masʼuliyat bilan, yanada sidqidildan mehnat qilishga, yosh avlodni bilimli, vatanparvar hamda har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalashga ruhlantiradi.

Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasi xodimlariga, ustoz va murabbiylarga ko‘rsatayotgan eʼtibori — bu faqat bir sohani emas, balki butun millat kelajagini qo‘llab-quvvatlash, maʼrifat hamda taraqqiyot yo‘lida aniq va qatʼiy qadamlar qo‘yilayotganining yorqin namunasidir.

 

Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 25-sentabr sonidan olindi