Mutasaddilar bilan jiddiy gaplashmasa bo‘lmaydigan ko‘rinadi


703     30.09.2025

Sirdaryoning Mirzaobod tumanida bo‘lgan deputat Sherzod Qulmatov “Toshkent” mahallasidagi oilaviy shifokorlik punktida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari bilan tanishdi. Joriy yilning may oyida boshlangan taʼmir ishlari belgilangan muddatda yakunlanmagani deputat eʼtiroziga sabab bo‘ldi. Kamiga binoda isitish tizimi va qozonxona o‘rnatilmagan. Tumandagi 1-sonli maktabda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bu ish bilan hech kim shug‘ullanayotgani yo‘q.

Qonunchilik palatasi deputatiga hamrohlik qilgan partiyaning viloyat Kengashi raisi Norbobo Soatovning taʼkidlashicha, deputatning boshqa ijtimoiy obyektlarga borishga yuragi betlamay turibdi. Ikkita obyektda shuncha muammo bo‘lsa, qolganlarida qancha ekan. Demak, Mirzaobod tumani mutasaddilari bilan bu masalada jiddiy gaplashmasa bo‘lmaydigan ko‘rinadi.