Ustozga ehtirom – qadriyat ifodasi


710     02.10.2025

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridayoq ustoz va murabbiylar shaʼnini yuksak qadrlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu yo‘ldagi eng muhim qadam — 1-oktyabr kunining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida rasman belgilanishi bo‘ldi. Shundan beri, yaʼni 1997-yildan boshlab, yurtimizda har yili 1-oktyabrda ustozlar eʼzozlanadi, ularning fidoyiligi va mehnati keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi. Bu sana bizning qadimiy “ustoz–shogird” anʼanamiz, maʼrifatga muhabbatimiz va ilm ahliga ehtiromimizning zamonaviy ifodasidir.

Nega aynan ustoz? Chunki taʼlim — jamiyatning yuragi. Zamon qanchalik o‘zgarmasin, texnologiyalar qay darajada ildamlamasin, insonni inson qiladigan tarbiya va bilimning bosh manbai — ustozdir. Ustoz bir vaqtning o‘zida yo‘lboshchi, murabbiy, hamfikr va talabaning hayotidagi eng ishonchli tayanchiqdir. U har bir yutuqning orqasida ko‘ringan “ko‘zga ko‘rinmas mehnat” egasi, har bir izlanishning ortida turgan sokin ilhomdir.

O‘qituvchilik oddiy kasb emas. U yuksak masʼuliyatni, muloqot madaniyatini, sabr va rahm-shafqatni, boshqalarni tushunish, boshqaruv va yetakchilik fazilatlarini talab qiladi.

Bugun yurtimizda o‘qituvchining obro‘sini oshirish, ularning mehnatini qadrlash borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Keling, ayrim muammolarga yechim bo‘lgan islohotlarga bir nazar tashlaymiz. Mahoratli pedagoglarning mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda, “Ustoz-shogird” maktablari yo‘lga qo‘yilib, tajribali o‘qituvchilar yoshlarni o‘qitmoqda. Shu bilan birga o‘qituvchilarga munosib ishlash sharoiti bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlanib, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham qabul qilindi. Bundan tashqari ijodiy va ilmiy loyihalar uchun grantlar ajratilib, faol ustozlar davlat mukofotlariga ham sazovor bo‘lmoqdalar. Bular esa o‘z navbatida, ko‘pchilikda o‘qituvchi bo‘lish ishtiyoqini yana-da oshirmoqda.

Maʼlumotlarga qaraganda 2025-yil holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 90 milliondan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Eng ko‘p o‘qituvchi Hindiston (9 mln), Xitoy (7 mln) va AQSHda (3 mln). Dunyo bo‘yicha o‘qituvchilarning qariyb 70 foizi ayollar hisoblanadi. 1966-yil 5-oktyabrda YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti XMT (ILO) tomonidan o‘qituvchilar maqomi to‘g‘risidagi tavsiyalar qabul qilingan. Ana shu tarixiy hujjat butun dunyoda ustoz mehnatini qadrlash, ularning huquqlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash g‘oyalarini mustahkamlab bergan. Oradan yillar o‘tib, 1994-yildan boshlab har yili 5-oktyabr “Jahon o‘qituvchilar kuni” sifatida nishonlanmoqda. Bugun ko‘plab davlatlar shu sana atrofida anjumanlar, ilmiy-­amaliy uchrashuvlar va ustozlarni eʼtirof etuvchi tadbirlar o‘tkazadi. Ayrim mamlakatlar o‘z tarixiy anʼanalaridan kelib chiqib boshqa sanalarni ham tanlagan. Masalan, Hindistonda 5-sentyabr, Xitoyda 10-sentyabr, AQSHda may oyining birinchi haftasida “Teacher Appresiation Veek” tarzida. Ammo bitta narsa umumiy, qayerda bo‘lmasin ustozga hurmat — taraqqiyotning o‘zak qadriyatidir.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ham taʼlim va tarbiyaga asosiy vazifalardan biri sifatida qaraladi. Dasturda “Barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish”, deb nomlangan maxsus bob ajratilgan bo‘lib, taʼlim va tarbiya masalasi milliy taraqqiyotning poydevori, deb hisoblaydi. Shu bilan birga “Milliy tiklanish” mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini teran anglagan holda “Tarbiya yo hayot, yo mamot…” g‘oyasini hayotga tatbiq etishning asosiy maqsadi hazrati insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishda, deb biladi.

Bundan tashqari Saylovoldi dasturida belgilanganidek, inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun, birinchi navbatda, taʼlim olishi, maʼnaviy, madaniy salohiyatini oshirib borishi, jismoniy kamolotga erishishdek fundamental huquq va erkinliklaridan to‘laqonli foydalanishi talab etiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, tarbiya va taʼlim o‘zaro mutanosib, bir-birini to‘ldiruvchi jarayon, ularni ajratib bo‘lmaydi. Taʼlim jarayonida tarbiya, tarbiya jarayonida esa taʼlim o‘zini namoyon etib turadi. Bu ikki jarayonni o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etish odobli, yuksak maʼnaviyatli, shu bilan birga bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, axloqiy fazilatlarga, keng dunyoqarash va tafakkurga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lgan vatanparvarlarni tarbiyalash va voyaga yetkazishning asosi hisoblanadi.

 

Ruxshona Qudratullayeva,
partiyaning Toshkent shahar Kengashi
Ijroiya qo‘mitasi devoni
bosh mutaxassisi