563 03.10.2025
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 1938-yil 4-oktyabr – o‘zbekistonlik 507 nafar siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarilgan va qatl qilingan kun munosabati bilan “O‘zimizniki” aksiyasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida o‘tkazilgan taqdimotda ishtirokchilarga ushbu aksiyaning mazmun-mohiyati, tashkil etish va o‘tkazish tartiblari haqida maʼlumotlar berildi. Taʼkidlanganidek, ushbu aksiyadan maqsad mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish, fuqarolarda muzeylarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, milliy qadriyatlarimiz va tarixiy merosimizni keng targ‘ib qilishda aholi, ayniqsa, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Partiyaning hududiy Kengashlari tomonidan o‘tkaziladigan “O‘zlikka sayohat muzeydan boshlanadi” shiori ostidagi ushbu aksiya Nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar muzeylarimizdagi aholiga deyarli maʼlum bo‘lmagan noyob eksponatlar haqida videolavha tayyorlashi lozim.
Yuborilgan videolavhalar muallifning kontent yaratishdagi o‘ziga xos ijodiy yondashuvi asosida tayyorlanishi, kreativligi, ishning plagiat emasligi va avval hech qayerda eʼlon qilinmagan bo‘lishi lozim va u hududda tashkil etilgan Tashkiliy qo‘mita va Hakamlar hayʼati tomonidan tanlov mezonlari asosida saralanadi va g‘oliblar aniqlanadi.
Aksiya ishtirokchilari soni 10 nafardan kam bo‘lsa, loyiha o‘tkazilmagan hisoblanadi. Videokontentlar hududiy Kengashlar tomonidan belgilangan manzilga 15-oktyabr kuniga qadar yuborilishi shart. G‘oliblar 21-oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan partiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi. Ishtirokchilarning yoshi chegaralanmagan.