714 03.10.2025
Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan, axborot oqimlari esa katta tezlikda tarqalayotgan davrda yashayapmiz. Shunday bir paytda Xitoy Xalq Respublikasining bir qator shaharlarida o‘tkazilgan “Yangi ommaviy axborot vositalari, yangi hayot” nomli seminar xalqaro axborot makonidagi eng dolzarb masalalardan birini muhokama etish maydoniga aylandi.
Tadbir Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro bo‘limi tomonidan tashkil etilib, yosh media yetakchilari uchun tajriba va fikr almashish imkoniyatini yaratdi.
Dastlabki kunlardanoq yangi media texnologiyalarining jamiyat hayotidagi o‘rni, inson tafakkuri va qadriyatlariga taʼsiri, ijtimoiy muvozanatni saqlashdagi ahamiyati haqida keng qamrovli bahs-munozaralarga sho‘ng‘idik. Bugun raqamli media shunchaki aloqa vositasi emas, balki inson hayotining ajralmas bo‘lagi bo‘lib ulgurgani alohida taʼkidlandi. Shuning uchun ham mazkur seminar shiori “Yangi ommaviy axborot vositalari, yangi hayot” – zamonimiz ruhini bevosita ifodalaydi.
Xitoyning bu boradagi tajribasi ham ishtirokchilar eʼtiborini tortdi. Markazlashtirilgan axborot tarqatish tizimi, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlagan holda innovatsion yechimlarni joriy etish, yosh jurnalistlar va media mutaxassislarini tayyorlash borasidagi ishlari — biz uchun ibratli namuna bo‘ldi.
Ushbu seminarda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakili sifatida aytishim mumkinki, tadbir bizga eng avvalo, milliy qadriyatlarni asragan holda global muloqotga kirishish bo‘yicha yangi qarashlarni taqdim etdi.
Seminardan olingan eng katta saboqlardan biri — media bugungi kunda jamiyat hayotini shunchaki aks ettiruvchi oyna emas, balki uni faol shakllantiruvchi qudratli kuchga aylanganidir. Shu bois, biz – yosh jurnalistlar va media sohasi vakillari ushbu jarayonda masʼuliyatli, ongli va oqilona ishtirok etishimiz zarur.
Seminar yakunida ishonch bilan aytish mumkinki: “Yangi ommaviy axborot vositalari, yangi hayot” — bu bizning kelajagimizni yorituvchi yo‘lchi yulduzdir.
Shavkat Ro‘zmetov,
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi shoʼba mudiri