543 07.10.2025
Joriy yilning 6–7-oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Sammit dasturi juda boy bo‘lib, tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli masalalar qamrab olingan. Va albatta, ishtirokchi davlatlarning zamonaviy chaqiriqlarga umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.
Shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlarning yetakchilari tomonidan amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning asosiy jihatlari bo‘yicha fikr almashadilar. Ushbu muloqot jahon maydonida turkiy davlatlarning pozitsiyalarini muvofiqlashtirish zaruriyati kontekstida alohida ahamiyat kasb etadi.
Aytish lozimki, Turkiy davlatlar, xususan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy, madaniy va strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat xalqlarini o‘xshash milliy urf-odat, an’analar, madaniyat va din, ikki tomonlama aloqalarning boy tarixi hamda mintaqaviy hamkorlikdagi umumiy manfaatlar birlashtiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjon turli xalqaro tashkilotlar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti, BMT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Oliy darajadagi olib borilayotgan muntazam muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada ekanini namoyon qilmoqda.
Oxirgi besh yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan oshib, 2024-yil oxiriga kelib 253 million dollarga yetdi. 2025-yilning yarim yilligi holatiga ko‘ra, 80 mln. AQSH dollarini tashkil etmoqda. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi davomida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib muhokama etilgan edi. Natijada, 2030 yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi qabul qilingan.
Shuningdek, 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi, 2025–2027-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi, 2025–2027-yillarda ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilinishi aynan iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-sotiqni soddalashtirishga xizmat qiladi.
Bu borada tashrif davomida fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimning imzolanishi ushbu yo‘nalishda ishlarning jonlanishi, xususan dual raqamlashtirish, fan va biznesni o‘zaro yaqinlashtirish, o‘zaro bog‘lash masalalarida manfaatli hamkorlikka zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki tomonlama, balki Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarining barqarorligi farovonligi uchun bu muhim omildir. Munosabatlarning izchil mustahkamlanishi kelgusida ham ikki davlat va ikkita mintaqa uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xulosa qilib aytganda, sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma qarorlar va hujjatlar paketining imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu hujjatlar o‘zaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishga va Turkiy davlatlar tashkiloti institutsional asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jahongir MAMAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati