Turkiy dunyo birligini mustahkamlovchi tashabbuslar


533     08.10.2025

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etib, tashkilot kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi tashabbuslarni ilgari surdi.

Ushbu tashabbuslar har tomonlama o‘ylangani, tashkilotga aʼzo davlatlar imkoniyati va ehtiyojlarini qamrab olgani bilan eʼtiborga molik bo‘lib, ularni bugungi global geosiyosiy muammolarga qarshi birgalikda harakatlanish dasturi sifatida baholash mumkin. Jumladan, Davlatimiz rahbari mintaqaviy va global xavfsizlik muammolarida yagona yondashuv zarurligini taʼkidlab, Samarqand shahrida TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi.

Madaniyat, maʼnaviyat, ilm-fan, taʼlim va iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Turkiy davlatlarni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi, “Abadiy do‘stlik va qardoshlik shartnomasi” hamda iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashni tashkil etish g‘oyalari ilgari surildi. Shuningdek, “Turkiy yashil yo‘laklar”, Sanoat alyansi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tuzish orqali yangi iqtisodiy makonni shakllantirish tashabbusi eʼlon qilindi. “Turkiy organik mahsulotlar brendi”ni yaratish va O‘rta koridorni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston hamda Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash taklif etildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish hamda O‘zbekistonda Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

Prezidentimiz taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratayotgan mamlakat sifatida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini maʼlum qildi. Bu taʼlim markazi yoshlarning ilmiy salohiyatini birlashtiradi. Kelajakka o‘zaro yaqin, do‘st, hamfikr sifatida yakdil kuch sifatida ildamlash imkonini beradi. Shu bilan birga ekstremizmga qarshi kurash, ekologik savodxonlikni oshirish, 2026-yilda Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bildirildi.

Albatta, sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekiston yetakchisining siyosiy irodasi va samimiyatini aks ettirish barobarida, TDT davlatlari o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ekologik va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati