Zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi qanday bo‘ladi?


493     08.10.2025

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida siyosiy g‘oyalarni, ulkan tashabbuslarni ilgari surdi

Bugungi dunyoda eng ulug‘, eng muhim, eng aziz so‘z, tuyg‘u bu — tinchlik bo‘lsa kerak.

Urush dunyoning qayerida bo‘lishidan qat’i nazar butun insoniyatga xavf soladi, xavotir uyg‘otadi, mamlakatlarning barqaror iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Urushlarga befarq qarab bo‘lmaydi. U xuddi o‘rmon yong‘inlaridek tez tarqab ketishi, hech gap emas. Bunga tarixda misollar juda ko‘p.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga nisbatan aytgan mana bu so‘zlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman: “Sizning qat’iy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi Turkiy davlatlarning ham umumiy g‘alabasidir…”.

Turkiy davlatlarning umumiy g‘alabasi... Mening nazarimda sammitda yangragan bu xitob, e’tirof zamirida ulkan ma’no mujassamlashgan. Bu g‘oyada tarix bor, kelajak bor, bugun bor. Bu g‘oya turkiy xalqlarni qismatdosh ekanligini ifodalaydi. Birlashish zaruratini aks ettiradi.

Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan “Adolatli dunyo tartibotini shakllantirish” g‘oyasi ham juda muhim. Agar adolatli dunyo tartibotiga amal qilinganida edi, urushlar allaqachon tugagan bo‘lardi. Bu borada jahonning qudratli davlatlari  mazkur tamoyilga amal qilishlari juda muhim.

Jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar alohida olingan bir mamlakat strategik sheriklarsiz na taraqqiy etishini, na tinchligini saqlay olishini ko‘rsatmoqda.

 Prezidentimiz nutqida to‘g‘ri ta’kidlanganidek, Turkiy davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik, abadiy tinchlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq imzolash zarur. 

Dunyoda yuz berayotgan ziddiyatlar bizni bugun ana shunday qat’iyatli qarorlar qabul qilishga chorlamoqda.

Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida rivojlanib, allaqachon nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoridan joy oldi. Endi navbat, o‘z-o‘zidan geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan bugungi vaziyatda strategik sheriklik masalasiga alohida e’tibor qaratishga yetdi. Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat va ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Prezidentimiz tashqi siyosatda amaliy ishlarga o‘tish, imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, birgalikda taraqqiy etish, birgalikda tinchlikni saqlash, hamfikrlik va hamjihatlik muhimligini doimo ta’kidlaydi. 

Bugun dunyoda yuz berayotgan tahlikalar yana bir bor insoniyatni ilm-fanga qaytishi zarurligini ko‘rsatmoqda.

 Qudratli ilm-fansiz na taraqqiy etib, na tinchlikni saqlab qolib bo‘ladi. 

Prezidentimiz sammitdagi nutqida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhimligini ta’kidladi.

Bugun Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlik masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ilm-fandagi aloqalarni bugungi holatda qoldirib bo‘lmaydi. Biz allaqachon amaliy ishlarga o‘tishimiz kerak edi. Prezidentimiz nutqidagi quyidagi fikr bu borada muhim qadam tashlanganini ko‘rsatadi:
“O‘zbekiston 2025–2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.”

Bu borada bizning zimmamizga ham ulkan mas’uliyat yuklanmoqda. Mening fikrimcha, qanchalik jipslashsak, shunchalik qudratli bo‘lamiz. Kimgadir tahdid solish uchun emas, balki bir-birimizni himoya qilish uchun imkoniyat yaratiladi.

Prezidentimiz sammitdagi nutqida ta’kidlaganidek, bizning ildizlarimiz bir, tariximiz bir, kechmishimiz bir. Bu haqiqatni yoshlar ong-shuuriga singdirish bugunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

2026 yilda Turkiy dunyodagi buyuk shoir va mutafakkirlar — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning 885 yilligi keng nishonlanadi.

 Prezidentimiz nutqida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — Turkiy dunyo ma’naviy hayoti” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etdi.

Yangi O‘zbekiston dunyo miqyosida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘layotgani har birimizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra olish siyosati Vatanimizning obro‘-e’tiborini tobora yuksaltirmoqda, yurtimiz tinchligini mustahkamlamoqda...

 

Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.