Bugungi global inqirozlar, davlatlararo munosabatlarda ishonchsizlik muhiti kuchaygan bir davrda turkiy dunyo bir yechim, bir namuna sifatida dunyo siyosatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, xalqaro siyosatda o‘z so‘ziga ega nufuzli tuzilmaga aylandi.
O‘zbekiston bu tuzilmaga 2019-yilda a’zo bo‘lgan. Mamlakatimizning turkiy davlatlar birligida o‘rni muhim ekani, a’zolikning dastlabki yillaridayoq yaqqon sezila boshladi. Turkiy dunyoning asosiy mintaqasi hisoblangan Markaziyo Osiyoda tinchlik va hamkorlik muhitining yaratilishida bevosita O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari va siyosiy idorasi muhim o‘ringa ega bo‘ldi. Bu tashkilot sammitida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tomonidan ham alohida e’tirof etilgani bejiz emas.
Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va hamkorlik muhitining shakllanishi esa Turkiy davlatlar tashkilotining transformatsiya bo‘lishi va dunyo siyosatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bir siyosiy kuch sifatida paydo bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ma’lumki, Turkiy davlatlar tashkiloti bugun yalpi ichki mahsuloti umumiy qiymatda 1 trln dollardan ortiq bo‘lgan mamlakatlar birligidir. Bundan tashqari, tashkilot dunyo siyosatida juda muhim o‘ringa ega bo‘lgan Yevroosiyo mintaqasida o‘z siyosiy manfaatlari, tarixi, e’tiqodi va qarashlari mushtarak bo‘lgan davlatlar birlashmasidir. Shu bilan birga, dunyoda o‘ziga xos transformatsiyalar, iqtisodiy va siyosiy rivojlanishlarda ham yaxshi namuna ko‘rsatyapti.
O‘zbekistoning ushbu tashkilotdagi o‘rni muhimligini davlat rahbari tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti rivojlanishida muhim bo‘lgan taklif va tashabbuslarning ilgari surilganida ham ko‘rish mumkin. Tashabbuslar bevosita iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlikka alohida urg‘u berilgani bilan ahamiyatlidir.
Davlat rahbari tomonidan bugun dunyoda 250 mlrd dollarga yaqin umumiy bozorga ega bo‘lgan organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha turkiy davlatlarning yagona brendini tashkil qilish taklifi dolzarb hisoblanadi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarida bilim va ilmiy tadqiqotlar masalasida turkiy dunyoning birlashishi, bu masalada yaqinda Toshkentda tashkil etiladigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti salohiyatidan samarali foydalanish kabi masalalar juda muhim ekani ta’kidlandi.
Turkiy davlatlar juda katta iqtisodiy salohiyatga ega. Buni biz umumiy manfatlar nuqtayi nazaridan birlashtira olsak, ulkan bir iqtisodiy imkoniyatga aylanishi mumkin. Aynan shunday kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidentining Sanoat alyansini tashkil etish, turkiy davlatlarning iqtisodiy rivojlanishdagi katta imkoniyatni dunyo bozorida umumiy manfaatlarga birlashtirish taklifi muhim hisoblanadi.
Albatta, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining bugun katta iqtisodiy manfaatlar to‘qnashuvi bo‘layotgan dunyoda o‘z o‘rnini topishidan manfaatdor. Shu sababli, davlat rahbarining muhim bo‘lgan bir hujjat, ya’ni turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezlashtirish taklifi juda muhimdir.
Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbuslar amalga oshsa, tashkilot nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va ma’naviy tarraqiyot yo‘lida ham birlikka erishadi. Dunyo xalqlari adolatsiz kuchlini haq bo‘layotganidan iztirob chekayotgan bir vaqtda, kuchni adolatda ekanligi doimo shiori bo‘lgan turkiylarni bir-birini qo‘llashi va birlashishi juda chuqur ramziy ma’noga ega.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.