TDT: hamkorlik aloqalari yangi bosqichda


554     13.10.2025

Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Muhim takliflar qatorida strategik sheriklik, adabiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilinishi, Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasining ishlab chiqilishi tashabbusi yanada ahamiyatli.

Zotan, 2024-yil noyabr oyida Bishkek shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisida ham Prezidentimiz tomonidan Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeini oshirish, o‘zaro manfaatli, do‘stona aloqalarni chuqurlashtirish va hamkorliklarni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida bir qator takliflar aytilgan edi.

Teranroq fikr yuritilganda bu ikki mamlakatning ko‘p yillik hamkorliklari Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va integratsiya jarayonlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2023–2024-yillarda Bakuda O‘zbekiston Madaniyat kunlari, O‘zbekistonda Ozarbayjon Madaniyat kunlari o‘tkazilganligi, ikkala yurtning Xiva va Shusha, Samarqand va Ganja, Buxoro va Lankaron, Qo‘qon va Sheki kabi tarixiy shaharlari bilan qardoshlik shartnomalari imzolangani bir necha yillar mobaynida davom etayotgan hududlararo munosabatlarning yanada mustahkamlanayotganidan darakdir.

Qolaversa, Boku shahrida – Ozarbayjon Prezidenti kutubxonasida “Ozarbayjon adabiyoti o‘zbek tilida” nomli loyiha taqdimoti o‘tkazilgani, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Ozarbayjon adabiyoti va madaniyati xonasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Uzayr Hojibekov nomidagi Ozarbayjon — O‘zbekiston musiqa madaniyati xonasi tashkil etilgani zamirida ham ma’rifiy uyg‘unliklar mujassam.

XX asr boshlarida asos solingan, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Mannon Uyg‘ur kabi hurriyatsevar ziyolilarni birlashtirgan “Turon” kutubxonasi hamda XIX asr oxirlarida dastlabki qiroatxona sifatida tashkil etilgan Shusha kutubxonasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi ham bunga yaqqol misoldir.

Ko‘rinib turibdiki, ham siyosiy, ham do‘stona munosabatlar, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorliklar turkiy davlatlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning hamjihat, hamfikr bo‘lishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o‘z navbatida yosh avlod vakillarining ongu shuurida qardosh xalqlar haqidagi bilimlarini boyitib, hurmati va muhabbatining yuksalishiga sabab bo‘lmoqda. Mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichlarda davom etishi xalqaro qadriyatlarning, uyg‘unlashgan madaniy tizimlarning tinchliksevar tamoyillar asosida yanada mustahkam shakllanishiga zamin bo‘ladi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarining umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.


Nazira MUXTOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy
masalalar qo‘mitasi raisi