O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida bugungi kunning murakkab geosiyosiy sharoitida o‘zaro ishonch va birdamlik tamoyillariga asoslangan amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, transport, energetika, ta’lim va ilm-fan sohalarida o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini aniq dalillar bilan asoslab berdi.
Bu yondashuv, shubhasiz, O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi — mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy integratsiya va umumiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi faol diplomatiyaga to‘la mos keladi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan takliflar, xususan, Turkiy davlatlarni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi, Turkiy investitsiya jamg‘armasi va iqtisodiy sheriklik kengashini tashkil etish, Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida yoshlarni ma’naviy tarbiyalash tashabbuslari — barchasi Turkiy makonning iqtisodiy, intellektual va ma’naviy salohiyatini birlashtiruvchi muhim g‘oyaviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan O‘rta koridorni rivojlantirish, organik mahsulotlar bozorida yagona brend yaratish, raqamli va kreativ iqtisodiyot sohasida hamkorlikni kuchaytirish kabi tashabbuslar esa Turkiy davlatlarni jahon iqtisodiy tizimida yanada raqobatbardosh va barqaror ishtirokchiga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodiy merosini Turkiy dunyo miqyosida keng targ‘ib etish haqidagi taklifi — madaniyat va ma’naviyat sohasidagi birdamlikni mustahkamlash, xalqaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, Gabala sammitida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlik siyosatida faollik, tashabbuskorlik va uzoqni ko‘ra bilish tamoyillariga asoslanayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bu tashabbuslar nafaqat Turkiy davlatlar tashkiloti, balki keng Yevroosiyo makonida barqarorlik, taraqqiyot va adolatli hamkorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardir.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi chiqishi turkiy dunyo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, qardosh xalqlarning tarixiy, madaniy va iqtisodiy birdamligini mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.
Alisher Aripov,
Partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i