Tinchlik bo‘lmagan joyda taraqqiyot ham, farovonlik ham bo‘lmaydi


432     13.10.2025

Turkiy davlatlar tashkilotining Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tgan navbatdagi sammit, shubhasiz, oxiri ko‘rinmayotgan mojarolar – bir-biri bilan kelisholmayotgan davlatlar, ayniqsa, qo‘liga qurol olgan qo‘shnilar, qardosh xalqlar uchun tinchlik va hamkorlik yo‘lidagi eng muhim amaliy harakat bo‘ldi.
Oliy darajadagi uchrashuvda asosiy e’tibor ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, jumladan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, innovatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi aloqalar istiqboliga qaratildi.
Albatta, mintaqaviy xavfsizlik masalasiga ham e’tibor berildi. Chunki tinchlik bo‘lmagan joyda taraqqiyot ham, faravonlik ham bo‘lmasligi kundek ravshan. Qolaversa, dunyodagi bugungi notinchlik tashkilot doirasidagi davlatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmayapti.
Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining bunday nufuzli tadbirlarda nafaqat mintaqaviy, dunyo xavfsizligi va taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslarni ilgari surishi an’anaga aylangan. Gabala sammitida ham Davlatimiz rahbari tomonidan turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surilgani e’tiborga molik.
Tarixda bo‘lganidek, bugun ham O‘zbekistonning qardosh xalqlar bilan aloqalari, jumladan, tashkilot doirasidagi sa’y-harakatlari ko‘plab muammolarga yechim bo‘lyapti. Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, O‘zbekistonning TDTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi tashkilot tarixida yangi davrni boshlab berdi. Aslida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirish g‘oyasi ham mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va 2022 yilning noyabrida Samarqandda tashkilotning birinchi sammiti o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston tomoni Gabala sammitida ham tashkilot a’zolari o‘rtasida transport va logistika aloqalarini yanada rivojlantirish masalasini ko‘tardi. Jumladan, o‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi. Bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Transport-logistika masalalari strategik hujjat – “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturida ham eng ustuvor masala sifatida belgilangani ham bejizga emas. Tashkilotning asosiy a’zolari dengiz yo‘liga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emas va bu o‘ziga yarasha muammolarni keltirib chiqaryapti. Birgina misol: eksport-importda transport xarajatlari ikki hissaga ortiq bo‘lmoqda va bu tovarlar qiymatining 60 foizini tashkil etyapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston to‘qqizta xalqaro transport yo‘lagidan foydalanyapti va ularning sakkiztasi bevosita tashkilotga a’zo davlatlardan o‘tadi. O‘z navbatida Markaziy Osiyo davlatlari ham ulkan iqtisodiy bozorlarni bog‘lovchi strategik hudud hisoblanadi. Bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiy qudratiga aylangan Xitoy va eng rivojlangan mintaqaviy integratsiya bloki – Yevropa Ittifoqi, janubda Hind okeani va katta moliyaviy imkoniyatlarga ega Fors ko‘rfazi davlatlarini bir-biri bilan bog‘lovchi tranzit yo‘lagi aynan Markaziy Osiyoda birlashadi. Lekin bu imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayapti. Shu jihatdan, Gabala sammitida imzolangan hujjatlar tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishda yangi davrni boshlab berishi shubhasiz.
 
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati