Sharqshunos qizlar parvozga shay


550     13.10.2025

11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq e’lon qilingan bu bayram butun dunyoda keng nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi teng huquqli ishtirokini ta’minlash, jamiyat rivojida ularning o‘rni, bilim va salohiyati nechog‘li muhimligini e’tirof etish maqsadida bu bayram alohida tantana qilinadi.
Mazkur tadbir munosabati bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi, “Siyosatchi ayollar klubi” va “Ayollar qanoti” a’zolari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida “Nafosat va ma’rifat timsoli – qizlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori, Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati Gulchehra Rixsiyeva, partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori maslahatchisi Anvar Meliboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassisi Dildora Solixo‘jayeva, Xalq deputatlari Mirobod tuman kengashi deputati, partiyaning “Siyosatchi ayollar” klubi a’zosi, Yangi O‘zbekiston universiteti prorektori Hilola Nazirova hamda bir qator tashkilot vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Xalqaro qizlar kuni butun dunyoda qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha harakatlarga chaqirish imkoniyati ekanligini ta’kidlashdi. Bu kun soha vakillarini har bir qiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, baxtli va sog‘lom hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun yana nimalar qilish mumkinligi haqida o‘ylashga da’vat etadigan kundir.
So‘zga chiqqan partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova qizlarning haq-huquqlarini ta’minlashga doir partiyaning yangi tashabbuslari haqida so‘z yuritdi. Jumladan, erta nikoh, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish kabi salbiy illatlarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlilidan kelib chiqib, partiya tomonidan qonunchilikni takomillashtirish, yoshlarning ta’lim olish huquqlarini himoya qilish orqali erta nikoh holatlarini kamaytirishga qaratilgan takliflar tayyorlanganini qayd etdi. Ya’ni, erta nikohning oldini olish, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarning oldini olishga qaratilgan qonunchilik takliflariga to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan ayrim qizlar uchun “talabalik oltin davr” emasligini ta’kidlab, talaba onalarning hayotini o‘rganish borasidagi nazorat-tahlil natijalariga barchani e’tiborini qaratdi.
Turmush qurgandan so‘ng talaba qizlarning ta’lim olish sifati tushishi, turli oilaviy nizolar hisobiga davomatning pasayishi, oilaviy ajrimlarning ortishi, talaba qizlarning ruhiy bosim ta’sirida fanlarni yaxshi o‘zlashtira olmasligi, darslarga farzandi bilan birga kelishi va bu ta’lim jarayoniga xalaqit qilishi, talaba onalar uchun masofaviy ta’lim turining yo‘qligi shular jumlasidandir. Shu bilan birga oila va ta’limni uyg‘unlikda olib borish bo‘yicha inklyuziv ta’limning mavjud emasligi, OTMda talaba onalarni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus dasturlarning yaratilmaganligi, aksariyat oliygohlarda xodimlar, talabalarning bolalari uchun yetarli sharoit tashkil etilmagani, talaba onalarning reproduktiv salomatlikka oid bilimlari yetishmasligi oqibatida ona va bolalarning kasallikka chalinish va o‘limi holati kuzatilayotgani haqidagi dalillarni keltirib o‘tdi.
– Qizlarimizning oliygohlarga o‘qishga kirish uchun qabul ko‘rsatkichlari bugun 50 foizdan oshgan bir paytda ularni bakalavr bosqichini hali bitirmaslaridan turmushga berib yuborish berilayotgan imkoniyatlarni suiste’mol qilishdan boshqa narsa emas. Bu borada ayrim ota-onalarning qotib qolgan qarashlaridan voz kechadigan payt keldi, – dedi rais o‘rinbosari.
Tadbirda qizlarning siyosiy faolligini oshirish, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shayotgan yangi avlod kadrlarni qo‘llab-quvvatlashga doir ma’ruzalar tinglandi.
“Sharqshunos lider qizlar klubi” a’zolari o‘z chiqishlari orqali qizlarning nafaqat oqila oila bekasi, balki jamiyatning eng faol a’zosi sifatida ham yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini namoyish etishdi. Ularning o‘z faoliyatlari haqidagi taqdimotlari talaba-qizlarga shijoat bag‘ishladi.
Tadbir so‘nggida partiya rahbariyati Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talaba onalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar va sharqshunos qizlarni partiya faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
 
Feruza Jalilova,
partiya Makaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i