O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitidagi nutqi mintaqada siyosiy muloqot va iqtisodiy hamjihatlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan muhim ahamiyaga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari zamonaviy global tahdid va chaqiriqlar sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni ishonch, teng huquqlilik va o‘zaro manfaat tamoyillari asosida rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Jumladan, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, energetika xavfsizligini ta’minlash va ekologiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga oid takliflar mintaqa taraqqiyoti uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, savdo-sotiq aloqalarini kengaytirish va insonparvar hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Ta’kidlash lozim, bugun O‘zbekiston tashqi siyosati ochiqlik, pragmatizm va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Bu yondashuv nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki umumiy xavfsizlik va iqtisodiy yuksalishning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati